Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Yevropa kuni munosabati bilan Toshkentda 2-may kuni Yevropa Ittifoqi festivali bo‘lib o‘tadi, deya xabar berdi YeIning O‘zbekistondagi delegatsiyasi matbuot xizmati.

Tadbir Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtiriladigan loyihalarni, YeIga a’zo davlatlar elchixonalarini hamda Yevropada ta’lim olish va kasbiy rivojlanish imkoniyatlari haqida bilishni istagan barchani birlashtiradi.

Festival Yoshlar ijod saroyida (Mustaqillik shohko‘chasi 2-uy) soat 11:00 dan 16:00 gacha bo‘lib o‘tadi. Kirish bepul.

Tashrif buyuruvchilar xalqaro loyihalar vakillari bilan bevosita muloqot qilishlari, o‘zlarini qiziqtirgan savollarni berishlari hamda stajirovkalar va ta’lim dasturlari haqida ma’lumot olishlari mumkin bo‘ladi.

“Dasturning alohida qismi — YeI mamlakatlari bilan jonli formatda tanishishdir. Elchixonalar o‘zlarining turistik salohiyati, ta’limdagi imkoniyatlari va madaniy rang-barangligini taqdim etadi: Finlyandiyaning Mumi-trollar haqidagi hikoyalari mutolaasidan tortib, raqs mahorat darslari, viktorinalar va norasmiy muloqotgacha”, — deyiladi xabarda.

Festival keng auditoriyaga mo‘ljallangan: bolalar va kattalar uchun interaktiv zonalar, maxsus tayyorgarlik talab etmaydigan chiqishlar va qiziqarli mashg‘ulotlar ko‘zda tutilgan.

Source: www.gazeta.uz