Samarqand viloyati Jomboy tumanida yo‘l-transport hodisasi yuz berdi. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videoda qora rangli Gentra yuqori tezlikda boshqaruvni yo‘qotib, yo‘l chetida to‘xtab turgan oq Gentraga urilgani aks etgan.
Oq mashinaning haydovchisi o‘sha paytda tashqarida bo‘lgan va mo‘jiza tufayli tirik qolgan. Yo‘l chetida o‘ynayotgan qizaloq esa qora Gentra oq mashinani urib yuborishidan oldin darvozaga yugurib kirishga ulgurgan.
Kuzatuv kameralari tasviriga ko‘ra, hodisa 21 aprel kuni sodir bo‘lgan. Samarqand viloyati Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi ma’lumotlariga ko‘ra, voqea Jomboy tumanidagi “Samarqand” mahallasida yuz bergan.
Qora Gentra haydovchisi mast holatda rulga o‘tirgan va 90 km/soat tezlikda harakatlanayotgan bo‘lgan. Natijada ikkala haydovchi ham kasalxonaga yotqizilgan.
YHXB matbuot xizmati xabariga ko‘ra, to‘plangan materiallar Jomboy tuman jinoyat sudiga yuboriladi va bunday qoidabuzarliklarni sodir etgan haydovchilar haydovchilik guvohnomasidan mahrum qilinishi mumkin.
Source: kun.uz