️ Samarqand viloyatining Payariq tumanida 11 ta avtomobil gaz quyish shoxobchasi (AGNKS) bir vaqtning o‘zida siqilgan gaz narxini 1 kubometr uchun o‘rtacha 300 so‘mga oshirgani aniqlangan. Bu holat mahalliy aholining shikoyatlari asosida Raqobat qo‘mitasi tomonidan o‘tkazilgan tekshiruvda fosh etildi.
️ Tekshiruv davomida Payariq tumanidagi 12 ta AGNKSdan 11 tasi 5 yanvardan boshlab narxlarni bir vaqtda oshirgani ma’lum bo‘ldi. Ushbu shoxobchalar sakkizta MChJga tegishli bo‘lib, ular “Temur-Bek”, “Sadaf Agro Servis”, “Raqobat Eko Gaz Servis”, “Jahongir Prestij”, “Xudoyberdi Ramziddin Avtogaz”, “Amirxon Gaz Servis”, “Al-Asadbek Gaz Petrol Invest” va “Bahrin Gaz Oil”dir.
️ Qo‘shni tumanlarda esa siqilgan gaz narxlari o‘sha davrda o‘rtacha darajada saqlanib qolgan. Bu esa Payariqdagi narx oshishini asossiz ekanligini ko‘rsatadi.
️ Raqobat qo‘mitasining maxsus komissiyasi ushbu xo‘jalik yurituvchi subyektlarga nisbatan “Raqobat to‘g‘risida”gi Qonunning 19-moddasiga (raqobatga zid kelishilgan harakatlar) asosan ish qo‘zg‘adi. Ish ko‘rib chiqilishi natijasida belgilangan tartibda moliyaviy jarimalar qo‘llash to‘g‘risida qaror qabul qilindi.
️ Shuningdek, aniqlangan qonunbuzarliklarni bartaraf etish va kelajakda ularga yo‘l qo‘ymaslik to‘g‘risida majburiy ko‘rsatmalar berildi.
Source: kun.uz