Buxoro shahriga jamoat transportini rivojlantirish doirasida navbatdagi 24 ta avtobus olib kelindi. Bu haqda Transport vazirligi matbuot xizmati xabar bermoqda.
Maʼlum qilinishicha, mazkur avtobuslar shaharda transport tizimini takomillashtirish, tirbandliklarni kamaytirish, shuningdek, ekologik tozalik va harakat xavfsizligini taʼminlash maqsadida joriy etilmoqda.
Qayd etilishicha, avtobuslar Progress Mega Trans MCHJ tomonidan Buxoroga olib kelingan. Ularning rusumiga va qayerdan keltirilganiga aniqlik kiritilmagan.
Ushbu avtobuslar Buxoro shahrida tashkil etilayotgan yangi yoʻnalishlar tarmogʻida brutto-shartnoma asosida faoliyat yuritishi rejalashtirilmoqda.
Fevral oyida ham Buxoroga Xitoydan 25 ta avtobus olib kelingan edi.
Maʼlumot uchun, 2023−2025-yillarda Buxoroga Xitoyda ishlab chiqarilgan 116 ta avtobus va 45 ta mikroavtobus olib kelingan. Bosh rejaga muvofiq, Buxoroda 21 ta yangi avtobus yoʻnalishi joriy etish, 113 ta chorrahada “aqlli svetofor” oʻrnatish va 7 ta markaziy koʻchada avtobuslar uchun alohida yoʻlaklar tashkil etish rejalashtirilgan.
Eslatib oʻtamiz, 1-fevraldan Buxoro shahridagi 7 ta avtobus yoʻnalishida naqd pul qabul qilish toʻxtatildi. Apreldan esa shahardagi barcha yoʻnalishlarni faqat elektron toʻlov tizimiga oʻtkazish rejalashtirilgan edi.
Source: www.gazeta.uz