Xorazmning lazgi raqsi — “ezgulik va go‘zallik, tinchlik va do‘stlik g‘oyalarini asrlar davomida tarannum etib kelayotgan mumtoz musiqiy obidadir”, — dedi prezident Shavkat Mirziyoyev. Xivada ochilgan “Lazgi” III xalqaro raqs festivali ishtirokchilariga yo‘llagan tabrigida u ushbu raqsni qadimiy shaharning “yuksaklik va ulug‘vorlik timsoli” deb atadi.
Tabrikni Prezident administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva o‘qib eshittirdi. U o‘zining Telegram kanalida “Lazgi — xalqimizning jozibador harakatlarda aks etgan qalbi, madaniyatlar va sivilizatsiyalarning muloqotidir”, — deya ta’kidladi.
Benazir xususiyatlariga ko‘ra, mazkur nodir asar 2019-yilda YUNESKOning Insoniyat nomoddiy madaniy merosi ro‘yxatidan munosib joy egalladi va xalqaro miqyosda tobora yuksak qadr-qimmat kasb etib bormoqda, deya eslatib o‘tdi davlat rahbari. So‘nggi yillarda O‘zbekiston Milliy balet guruhi dunyoning nufuzli sahnalarida “Lazgi. Muhabbat va qalb raqsi” baletini namoyish etib kelmoqda.
“Lazgi xalqaro raqs festivali mamlakatimizning madaniy diplomatiyasida muhim o‘rin tutadigan strategik platformadir”, — deya qayd etdi prezident. Festivalda o‘nlab mamlakatlardan kelgan yuzlab artistlar, raqs jamoalari, olimlar va ekspertlar ishtirok etmoqda.
“Biz yoshlar o‘rtasida mumtoz san’atimizga qiziqishni yanada oshirish, ularni milliy qadriyatlar ruhida tarbiyalash, ijodiy salohiyatini ro‘yobga chiqarishda lazgi raqsidan mahorat va tajriba maktabi sifatida foydalanishni davom ettiramiz”, — deya ta’kidladi Shavkat Mirziyoyev.
Festival prezidentning 2020-yil 28-sentabrdagi qaroriga muvofiq har ikki yilda bir marta o‘tkaziladi. 2022-yildan buyon tadbir YUNESKO shafeligida, 2026-yildan boshlab esa xalqaro TURKSOY tashkiloti bilan hamkorlikda tashkil etilmoqda.
O‘zA xabariga ko‘ra, festivalning ochilish va yopilish marosimlari tarixiy “Ichan-qal’a” majmuasi hududida bo‘lib o‘tadi. Tanlovning gran-pri sohibi 7000 dollar miqdoridagi pul mukofoti bilan taqdirlanadi. Shuningdek, 1-o‘rin sohiblari (“Eng yaxshi yakkaxon raqs ijrochisi”, “Eng yaxshi raqs jamoasi” va “Eng yaxshi sahnalashtirilgan raqs” nominatsiyalari bo‘yicha) 5000 dollardan, 2-o‘rin sohiblari 3000 dollardan va 3-o‘rin sohiblari 2000 dollardan mukofotlanadi.
Bundan tashqari, ishtirokchilar “Eng yaxshi raqs”, “Eng yaxshi xoreograf” va “Eng yaxshi yosh raqqos” kabi qo‘shimcha nominatsiyalar bo‘yicha ham taqdirlanadilar. Barcha qatnashchilarga maxsus sertifikatlar topshiriladi.
Festival doirasida “Jahon madaniyati rivojida raqs san’ati: an’analar va umumbashariy qadriyatlar” mavzusidagi III Xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya, O‘zbekiston-Turkiya hukumatlararo komissiyasi Madaniyat qo‘mitasining navbatdagi yig‘ilishi, TURKSOY davlatlari sohaviy oliy ta’lim muassasalari rektorlari uchrashuvi, “Turkiy dunyo an’anaviy raqslari antologiyasi” konferensiyasi hamda etnomadaniy forum bo‘lib o‘tmoqda.
Source: www.gazeta.uz