Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining 28-aprel kungi majlisida Ichki ishlar vaziri Aziz Toshpo‘latovga yo‘l harakati qoidalarini foto va video qayd etish vositalarining samaradorligi hamda axborot texnologiyalarini joriy etish bo‘yicha parlament so‘rovi yuborish masalasi ko‘rib chiqildi.

Deputatlar saylov okruglarida o‘tkazilgan uchrashuvlarda fuqarolar tomonidan foto va video qayd etish qurilmalari, jumladan, ko‘chma fotoradarlar faoliyatiga nisbatan bir qator e’tirozlar bildirilganini qayd etdi. Xususan, ayrim uchastkalarda tezlik cheklovlari keskin o‘zgarishiga qaramay, yo‘l belgilari yetarlicha ko‘rinadigan joylarga o‘rnatilmagani, tizimda ma’lumotlarni qayta ishlashda texnik xatolar tufayli asossiz jarimalar qo‘llanilishi holatlari kuzatilgan.

Shuningdek, yo‘llar sifati, chiziqlar va belgilarning yetarli emasligi, piyodalar o‘tish joylarida svetoforlar yetishmasligi kabi muammolar ham fuqarolar e’tirozlariga sabab bo‘lmoqda. Parlament so‘rovida “Xavfsiz va ravon yo‘l” umummilliy dasturi ijrosi, yo‘l infratuzilmasini rivojlantirish loyihalarini moliyalashtirish, foto va video qayd etish vositalarining samaradorligi hamda sohadagi muammolarni bartaraf etish bo‘yicha asoslantirilgan tushuntirishlar talab qilingan.

Eslatib o‘tamiz, 1-apreldan O‘zbekistonda kameralar tomonidan qayd etilgan yo‘l harakati qoidabuzarliklari uchun jarima ballari hisoblana boshladi. Transport vositasi egasi va uni boshqargan shaxs (haydovchi, sug‘urta polisi, yo‘l varaqasi orqali) aniqlanib, jarima ballari aynan haydovchiga hisoblanadi. Ilgari ular faqat YHXX xodimlari tomonidan rasmiylashtirilgan holatlarga qo‘llanilar edi.

Bundan tashqari, 1-apreldan YAIDXP orqali yo‘l harakati qoidabuzarliklari uchun javobgarlikni amaldagi haydovchiga masofadan biriktirish xizmati ishga tushirildi. Avtomobil egasi portal orqali ariza berishi kerak, shunda kameralar qayd etgan jarimalar rulda bo‘lgan shaxsga rasmiylashtiriladi. Xizmat pulli.

Source: www.gazeta.uz