Surxondaryo viloyati Boysun tumanida neft aralash suyuqlikning Xongaronsoyga oqib ketishi natijasida 8,5 milliard so‘mdan ortiq kompensatsiya to‘lovi hisoblandi. Hodisa kuchli yog‘ingarchiliklar oqibatida yuz bergan.
Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi huzuridagi Davlat ekologik nazorat inspeksiyasi tomonidan olib borilgan o‘rganishlarda, Surxan Gas Chemical Operating Company MCHJ qo‘shma korxonasiga qarashli quduqdan neft mahsulotlari bo‘lgan suyuqlik qo‘zg‘alib chiqqani aniqlangan. Ushbu suyuqlikning tabiiy suv havzalariga tushishining oldini olish maqsadida Eriell Oilfield Services Middle East DMCC korxonasi maxsus texnikalar yordamida 11 ta handaq qazib joylashtirgan.
23-aprel kuni kuchli yog‘ingarchiliklar oqibatida taxminan 1,2 tonna neft mahsuloti aralashgan suyuqlik Boysundagi Xongaronsoyga oqib ketgan. Holat oqibatida yetkazilgan ekologik zarar Vazirlar mahkamasining 2021-yil 12-apreldagi 202-son qaroriga muvofiq baholanib, 8,5 milliard so‘mdan ortiq kompensatsiya to‘lovi hisoblangan.
Hozirda holat bartaraf etilgani, suv neft aralash suyuqlikdan tozalangani ma’lum qilinmoqda. Shu bilan birga, o‘rganish ishlari davom etmoqda. To‘plangan hujjatlar yakuniy huquqiy baho berish uchun huquqni muhofaza qiluvchi organlarga taqdim etiladi.
Source: www.gazeta.uz