Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, O‘zbekiston terma jamoasi sportchilari Misr poytaxti Qohirada bo‘lib o‘tgan o‘q otish bo‘yicha yoshlar o‘rtasidagi jahon kubogida uchta medalni qo‘lga kiritdi.

Xalqaro musobaqa 19−27-aprel kunlari davomida o‘tkazildi. Unda O‘zbekistondan 12 nafar vakil – ikki nafar murabbiy va 10 nafar sportchi ishtirok etdi. Delegatsiya tarkibi Mudofaa vazirligi va O‘zbekiston o‘q otish federatsiyasi tomonidan shakllantirilgan.

Musobaqaning birinchi kunida O‘zbekiston milliy terma jamoasi a’zosi, Mudofaa vazirligi sport markazi sportchisi Sodiqjon Abdullayev 10 metr masofaga to‘pponchadan o‘q otish bahslarida kumush medalni qo‘lga kiritdi. Bu jamoa uchun ilk medal bo‘ldi.

Keyingi bahslarda terma jamoa a’zosi Javohir Sohibov 10 metr masofaga pnevmatik miltiqdan o‘q otishda oltin medalni qo‘lga kiritdi. Shuningdek, Nikita Sokolov 50 metr masofaga pnevmatik miltiqdan uch holatda otish bahslarida bronza medaliga sazovor bo‘ldi.

Terma jamoa a’zolari Islom Karimov nomidagi xalqaro aeroportda tantanali kutib olindi. Mudofaa vazirligi va O‘zbekiston o‘q otish federatsiyasi vakillari sportchilarni tabrikladi. Ushbu yutuq O‘zbekiston o‘q otish sporti rivojida muhim qadam sifatida baholanmoqda.

Source: www.gazeta.uz