Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Nemolchi.Uz loyihasi Xorazm viloyatidagi fohishaxonada ekspluatatsiya qilingan 15 yoshli qiz haqidagi surishtiruvni e'lon qildi. Matn sud qarorlari, IIV va Bosh prokuraturadan olingan rasmiy ma'lumotnomalarga asoslanadi.

Fohishaxona egasi Sohiba Ro‘zimova, o‘sha vaqtda probatsiya nazoratida bo‘lgan, sud yengillashtiruvchi holatlarni inobatga olgan holda 6 yil 2 oyga ozodlikdan mahrum qilindi. U qizni do‘pposlab, huquqni muhofaza qilish organlarida tanishlari borligini aytib qo‘rqitib yurgan.

Ishda 10 dan ortiq gumondor erkakning nomi qayd etilgan, biroq ularning birortasi ham jazoga tortilmagan. Ulardan uchtasiga nisbatan jinoyat alomatlari yo‘qligi sababli ish tugatilgan, qolgan olti nafarga nisbatan esa ayblilik masalasi hal qilinmasdan turib ish yuritish tugatilgan.

Voyaga yetmaganlar va yoshlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi bilan shug‘ullanuvchi katta inspektor Baxrom Karimovga nisbatan hech qanday chora ko‘rilmagan. U hozirda ham o‘sha tuman IIBda o‘z lavozimida faoliyat yuritmoqda.

Sud materiallariga ko‘ra, qiz 2025-yil fevral oyida uyidan chiqib ketgan va bir hafta o‘tgach, Diyorbek bilan tanishib, Sohiba Ro‘zimovaning uyiga kelib qolgan. Ro‘zimova uni jinsiy ekspluatatsiyaga majburlagan, pul evaziga erkaklarga taklif qilgan. To‘lovlar 200 mingdan 1 million so‘mgacha bo‘lgan, qizga ulush berilmagan.

Nemolchi.Uz tahririyati ishdagi erkaklar va ichki ishlar organlari xodimlarining harakatlariga huquqiy baho berilmaganini tanqid qiladi. Tahririyat, shuningdek, 2023-yilda Xorazmdagi mehribonlik uyi mudirasi va ikki erkakka nisbatan sudlanganlik holatini eslatib, zo‘ravonlikka qarshi kurashda tizimli muammolar mavjudligiga ishora qiladi.

Source: www.gazeta.uz