Hukumat qarori bilan avtotransport vositalarini jarima maydonchasidan olish uchun elektron murojaat qilishning maʼmuriy reglamenti tasdiqlandi.
Ushbu sohadagi vakolatli organ Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati (YHXX) va uning hududiy bo‘linmalari hisoblanadi.
Davlat xizmati quyidagi kanallar orqali taqdim etiladi: Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (my.gov.uz), YHXX mobil ilovasi va davlat xizmatlari markazlari.
my.gov.uz yoki mobil ilova orqali murojaat qilganda, ariza beruvchi elektron shakldagi so‘rovnomani to‘ldiradi. Maʼlumotlarning haqiqiyligi avtomatlashtirilgan tizim orqali tekshiriladi.
Murojaatni ko‘rib chiqish jarayonida vakolatli organ quyidagilarni tekshiradi: avtomobilni jarima maydonchasiga joylashtirish sabablari va uni ushlab qolish asoslari bartaraf etilganmi; maʼmuriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ish ko‘rib chiqilib, qonuniy qaror qabul qilinganmi.
Ko‘rib chiqish natijalariga ko‘ra, my.gov.uz yoki mobil ilova orqali bir ish kuni ichida avtomobilni jarima maydonchasidan olish imkoniyati haqida bildirishnoma yuboriladi.
Source: kun.uz