“Chegara bilmas muxbirlar” (RSF) tashkiloti 2026-yilgi Matbuot erkinligi indeksini e’lon qildi. Unga ko‘ra, O‘zbekiston 180 davlat orasida 147-o‘rinni egalladi. O‘tgan yilga nisbatan bir pog‘onaga ko‘tarilgan bo‘lsa-da, umumiy ball 35,24 dan 34,95 ga tushdi.
Hisobotda qayd etilishicha, O‘zbekistonda matbuot erkinligi besh ko‘rsatkichdan uchtasi – siyosat, huquq, madaniyat va jamiyat bo‘yicha pasaygan. Faqat iqtisodiyot va xavfsizlik indikatorlari biroz yaxshilangan.
RSF ekspertlari ta’kidlashicha, 2016-yilda prezident Islom Karimov vafotidan so‘ng OAV uchun sharoitlar juda kam yaxshilangan va hokimiyatni tanqid qilish hali ham murakkab masala bo‘lib qolmoqda. O‘zbekistonda xususiy televideniye mavjud emas, davlat radiosi rasmiy targ‘ibotni olib boradi, xususiy radiostansiyalar esa yopilishdan qo‘rqib tanqiddan tiyiladi.
Onlayn OAVlarning 15 dan kami sifatli kontent e’lon qiladi, ularning ba’zilari xorijda joylashgan. AQShning “Ozodlik” radiosi bloklangan holatda faoliyat yuritadi. Hukumat OAV va hukumatga yaqin blogerlar ustidan kuchli nazorat o‘rnatgan, repressiv media qonunlari isloh qilinmagan.
Mustaqil OAV rivojlanishiga xorijiy moliyalashtirishni cheklovchi qonunlar to‘sqinlik qilmoqda. USAID mablag‘larining qisqarishi ham vaziyatni yomonlashtirgan. Sharqiy Yevropa – Markaziy Osiyo mintaqasi reytingda oxiridan ikkinchi o‘rinda qolmoqda.
Gruziya 21 pog‘onaga, Armaniston 16 pog‘onaga pastlagan. Qozog‘iston 149-o‘rinda, Qirg‘iziston 146-o‘rinda. Eng quyi o‘rinlarda Belarus, Ozarbayjon, Rossiya va Turkmaniston joy olgan. Ukraina esa urushga qaramay 55-o‘ringa ko‘tarilgan.
Norvegiya ketma-ket o‘ninchi yil birinchi o‘rinda. Ikkinchi o‘rinda Niderlandiya, keyingi o‘rinlarda Estoniya, Daniya va Shvetsiya. Birinchi o‘ntalikka Finlyandiya, Irlandiya, Shveysariya, Lyuksemburg va Portugaliya kirdi.
RSF hisobotida qayd etilishicha, dunyo mamlakatlarining yarmidan ko‘pidagi vaziyat “murakkab” yoki “o‘ta murakkab” deb baholanmoqda. Matbuot erkinligini cheklovchi qonunlar, milliy xavfsizlik siyosati doirasidagi choralar axborot olish huquqini toraytirmoqda.
Source: www.gazeta.uz