Andijon tumanidagi mahallalardan birining raisi va ushbu mahalladagi hokim yordamchisi korrupsiyada gumonlanib qo‘lga olindi, deb xabar bermoqda Davlat xavfsizlik xizmati.
Ma’lum qilinishicha, ular o‘zaro til biriktirib, Andijon shahrida yashovchi fuqaroga boshqa shaxsga chorvachilik uchun ajratilgan 2 sotix mahalla yerini hamda davlat zaxirasidagi 28 sotix yer maydonini rasmiylashtirib berishni va’da qilgan.
Kelishuvga ko‘ra, jami 30 sotix yerning bir qismini noturar, qolgan qismini esa turar-joy binolari qurish toifasiga o‘tkazish rejalashtirilgan. Ular yerni 57 ming dollarga, hujjatlarni kadastr idoralaridagi tanishlari orqali rasmiylashtirib berish xizmatini esa 3000 dollarga baholagan.
Davlat xavfsizlik xizmati va Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida ikki erkak 31 ming dollar (shundan 28 ming dollari — yer uchun) olayotgan vaqtida qo‘lga olindi.
Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Source: www.gazeta.uz