Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Andijon viloyatida yer bilan bog‘liq yirik firibgarlik fosh etildi. Davlat xavfsizlik xizmati xabariga ko‘ra, Andijon tumanidagi mahallalardan birining raisi va shu mahalla hokim yordamchisi jinoyat uyushmasi tuzib, noqonuniy yer oldi-sotdisi bilan shug‘ullangan.

Gumonlanuvchilar 37 yoshli andijonlik fuqaro nomiga 2 sotix chorvachilik uchun ajratilgan yer va 28 sotix davlat zaxirasidagi yerni rasmiylashtirishni rejalashtirgan. Jami 30 sotix yerning bir qismini noturar joy, qolganini esa turar joy toifasiga o‘tkazishga va’da berishgan.

Ushbu yer uchun ular 57 ming dollar, shuningdek, kadastr organlaridagi tanishlari orqali hujjatlarni rasmiylashtirish uchun qo‘shimcha 3 ming dollar talab qilgan. Jami 60 ming dollarlik noqonuniy bitim tuzilgan.

Mahalla raisi va hokim yordamchisi 28 ming dollar yer puli va 3 ming dollar kadastr hujjatlari uchun pulni olayotgan vaqtda qo‘lga olingan. Ushbu mablag‘lar jinoyatning bir qismi bo‘lib, qolgan qismi keyinroq olinishi kerak edi.

Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda. Gumonlanuvchilarning boshqa shaxslar bilan aloqasi va oldingi noqonuniy ishlari tekshirilmoqda.

Source: kun.uz