15-aprel kuni Qashqadaryo viloyati Yakkabog‘ tumani jinoyat ishlari bo‘yicha sudida 38 yoshli B.A. ismli fuqaro Rossiya-Ukraina urushida Rossiya tomonida jang qilgani uchun hukm qilindi. Sud hujjatlariga ko‘ra, u 2020-yilda ishlash maqsadida Rossiyaga borgan va 2021-yilda giyohvandlik moddalari savdosi bilan bog‘liq jinoyatda ayblanib, 6 yilga ozodlikdan mahrum etilgan.
Jazoni o‘tash chog‘ida koloniya xodimlari tomonidan doimiy tazyiq va bosim ostida qolgan B.A. 2025-yil avgustda Rossiya Mudofaa vazirligi bilan bir yillik harbiy xizmat shartnomasini imzolagan. Unga 1,2 million rubl bir martalik to‘lov va oyiga 210 ming rubl maosh va’da qilingan. U Lugansk hududida bir oylik tayyorgarlikdan so‘ng Ukrainaga qarshi janglarda ishtirok etgan.
2025-yil oktabr oyida dron hujumi natijasida og‘ir jarohat olgan B.A. Belgorod va Moskva gospitalida davolangan. 2025-yil dekabrda u gospitaldan qochib, O‘zbekiston elchixonasiga murojaat qilgan va vatanga qaytish guvohnomasi orqali O‘zbekistonga qaytgan. 2026-yil yanvarda DXXga pushaymonlik arizasi bilan murojaat qilgan.
Sudda B.A. aybiga qisman iqror bo‘lib, urushda majburan qatnashganini, oilasida uch nafar voyaga yetmagan farzandi borligini va qilgan ishidan pushaymonligini bildirgan. Sud uni Jinoyat kodeksining 154-moddasi (Yollanish) 1-qismida aybli deb topib, 57-modda (Yengilroq jazo tayinlash) asosida 3 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinlagan. Jazo umumiy tartibli koloniyada o‘tanishi belgilanib, sudlanuvchi darhol qamoqqa olingan.
Source: www.gazeta.uz