Ijtimoiy tarmoqlarda Farg‘ona viloyati Beshariq tumanidagi tibbiyot texnikumida ayol o‘qituvchining kaltaklangani haqida xabar tarqaldi. Hodisa huquq-tartibot idoralari tomonidan tekshirilmoqda.
Viloyat IIB matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, 30 aprel kuni Beshariq tumanidagi tibbiyot texnikumida ikki ayol o‘qituvchi o‘rtasida janjal kelib chiqqan. Janjal chog‘ida ulardan biri hamkasbining boshi va ko‘krak qismiga musht bilan urib, tan jarohati yetkazgan. Mojaroning sabablari haqida ma’lumot berilmagan.
Shu kuni voqea tuman IIB tomonidan ro‘yxatga olingan. Yetkazilgan jarohatlarning og‘irlik darajasini aniqlash uchun sud-tibbiy ekspertiza tayinlangan.
Hozirda tergovga qadar tekshiruv olib borilmoqda, vaziyat Farg‘ona viloyati IIB nazoratiga olingan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Samarqandning Urgut tumanida mast erkak maktab o‘qituvchisini kaltaklagan edi.
Source: podrobno.uz