Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ) O‘zbekistonda hududlarni master rejalar asosida “yashil” iqtisodiy rivojlantirish uchun 9 million yevro miqdorida grant ajratadi. Bu haqda Iqtisodiyot va moliya vazirligi xabar berdi.
Kelishuv 30-aprel kuni vazirning birinchi o‘rinbosari Ilhom Norqulov, GIZning O‘zbekistondagi rahbari Yoaxim Frits va loyihalar rahbari Beate Shoreyt ishtirokida imzolangan. Uchrashuvda vazirlik, GIZ, UzAgrostar xoldingi va boshqa mas’ul tashkilotlar vakillari qatnashgan.
Tomonlar GIZ bilan hamkorlikda master rejalar sohasida amalga oshirilgan ishlar va kelgusi rejalarni muhokama qilgan. Qayd etilishicha, avvalgi grant mablag‘lari hisobidan 12 ta tuman bo‘yicha kompleks rivojlantirish master rejalari ishlab chiqilgan va 24 ta pilot loyiha amalga oshirilgan.
Jumladan, Shahrisabz tumanida 500 gektar maydonda agroturizm majmuasi tashkil etilgan. Amudaryo, Chimboy, Bulung‘ur, Kattaqo‘rg‘on, Mirishkor, Xiva va Hazorasp tumanlarida kasbga o‘qitish markazlari, intensiv baliq yetishtirish loyihalari, ijtimoiy obyektlarda energiya tejovchi issiqlik nasoslari, IT va hunarmandchilik markazlari yo‘lga qo‘yilgan. Ushbu loyihalar uchun 1,3 mln yevro grant mablag‘lari yo‘naltirilgan.
Yangi kelishuv 2026–2029-yillarga mo‘ljallangan bo‘lib, unda master rejalar ishlab chiqish va “yashil” pilot loyihalarni moliyalashtirish nazarda tutilgan. Hamkorlik doirasida sun’iy intellekt va innovatsion tahlil usullarini joriy etish, 12 ta tuman bo‘yicha master rejalar asosida pilot loyihalarni davom ettirish, shuningdek, Bahmal, Boysun va So‘x tumanlarida yangi loyihalarni amalga oshirish rejalashtirilgan.
Bundan tashqari, master rejalarni ishlab chiqish va amalga oshirish bo‘yicha loyiha ofislari xodimlari va xususiy sektor vakillari uchun malaka oshirish seminarlari va treninglar o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan. Uchrashuv yakunida tomonlar hamkorlikni yanada rivojlantirish va belgilangan vazifalarni tizimli amalga oshirishga kelishib olgan.
GIZ O‘zbekistonda “yashil” iqtisodiyotni rivojlantirish bo‘yicha qator loyihalarni amalga oshirib kelmoqda. 2023-yilda “yashil” sanoatlashtirish doirasida xususiy sektor salohiyatini oshirish va iqtisodiy siyosat bo‘yicha maslahatlashuv loyihasi uchun 9 mln yevro grant ajratilgan. 2024-yil noyabrida esa shu yo‘nalishdagi loyiha doirasida yana 3 mln yevro grant berilishi ma’lum qilingan.
Ma’lumot uchun: GIZ Germaniya federal hukumatiga tegishli xalqaro tashkilot bo‘lib, 130 dan ortiq mamlakatda faoliyat yuritadi va barqaror rivojlanish yo‘lida Germaniya hukumati maqsadlarini amalga oshirishga ko‘maklashadi.
Source: www.gazeta.uz