Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

O‘zbekistonda 12 yildan beri 1-may Favvoralar kuni sifatida nishonlanmoqda. Shu kunda mamlakatdagi barcha favvoralar mavsumiy ishga tushiriladi. Gazeta muxbiri Mirolim Isajonov Toshkentdagi beshta asosiy lokatsiya – Mustaqillik maydoni, Amir Temur muzeyi, Milliy kutubxona, “Turkiston” san’at saroyi va Alisher Navoiy nomidagi davlat akademik katta teatri (DAKT) oldida bo‘lib, favvoralar faoliyatini kuzatgan.

“Toshkent favvorasi” davlat unitar korxonasi bosh vazir Abdulla Aripovning 2024-yil sentabridagi qaroriga asosan tugatilgach, poytaxtdagi favvoralar Toshkent shahri hokimligi va bir qancha tashkilotlarga yuklatilgan. Hujjatda poytaxtda 43 ta favvora faoliyat yuritayotgani qayd etilgan.

Mustaqillik maydonidagi favvoralar mutaxassisi Mirtemir Mirjamolovning aytishicha, ushbu hududdagi uchta favvora 1-maydan 1-noyabrga qadar har kuni soat 08:00 dan 22:00 gacha ishlaydi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ikkita favvora ta’mirlashdan so‘ng 2018 va 2022-yillarda qayta ishga tushirilgan, 2005-yilda qurilgan bitta favvora esa hali ham sifatli ishlamoqda.

Mutaxassisning ta’kidlashicha, uchala favvoraning chuqurligi o‘rtacha 80 metrni, o‘rnatilgan forsunkalar soni mingdan ziyod. Ikkita favvora forsunkasi 5 metr, bittasiniki esa 1 metr. Har bir hovuzga 3000-4000 kub metr suv to‘ldiriladi, suv tozalash filtr va changyutkichlar orqali amalga oshiriladi.

Mirjamolov yetti yillik tajribasiga ega bo‘lib, bu favvoralarga 10 nafar ishchi xizmat ko‘rsatishini aytdi. U favvoralar shahar chiroyiga chiroy qo‘shishi va odamlarga zavq bag‘ishlashini qo‘shimcha qildi.

Markaziy maydonlarni obodonlashtirish ixtisoslashtirilgan boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i Azamat Turg‘unboyevning aytishicha, uning bo‘limiga 13 ta favvora qarashli bo‘lib, 12 tasi to‘liq ishlaydi, bittasi ta’mirlanmoqda. Ular grafik bo‘yicha kun davomida ishlaydi, “Turkiston” san’at saroyi oldidagi uchta favvora ertalab soat 09:00 da yoqiladi.

Turg‘unboyev favvoralarning ekologik foydasini ta’kidlab, yozning issiq kunlarida havoni nam va salqin qilishini, shaharga ko‘rk bag‘ishlashini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, hovuzlardagi suv 15-20 kunda yangilanadi.

Alisher Navoiy nomidagi DAKT binosi oldida 74 yildan buyon ishlayotgan “Paxta” favvorasi poytaxt aholisi va mehmonlarining sevimli manzillaridan biri. Diametri 32 metr bo‘lgan sakkiz qirrali kosa ming kub metrgacha suv sig‘diradi, markazidagi 126 ta suv oqimi piramida hosil qiladi. Shu munosabat bilan poytaxt hokimligi konsert tashkil etdi.

Source: www.gazeta.uz