Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Toshkentda bir yil davomida joriy etilgan ko‘chadagi pulli avtoturargoh tizimi bir qator ko‘chalarda tartibni sezilarli darajada yaxshiladi. Ikki-uch qatorli tartibsiz to‘xtash joylari yo‘qoldi, turli muassasa va tashkilotlarda bo‘sh joylar paydo bo‘ldi, endi trotuarlarda yurish mumkin. To‘liq barcha hududlarda emas, ammo shahar ko‘chalari bosqichma-bosqich tartibli ko‘rinishga kelmoqda.

Shu bilan birga, ijtimoiy tarmoqlarda haligacha “ilgari bepul bo‘lgan xizmatga nima uchun to‘lash kerak?” degan mazmundagi savol va e’tirozlar uchrab turibdi. Avtomobili bo‘lmagan fuqarolar ham xizmat narxi barcha uchun qulay emasligini ta’kidlamoqda. Ayrim hollarda avtoturargohlar joy egallashi bo‘yicha ham tanqidlar bildirilmoqda, shu bilan birga parkovka uchun to‘lamoqchi bo‘lmagan haydovchilarning turar-joy hududlariga kirib ketishi oqibatida nizoli holatlar ham yuzaga kelmoqda.

Poytaxt Parking operatorining izohiga ko‘ra, shahar yeri bepul bo‘la olmaydi, ayniqsa markaziy tumanlarda. Standart bir avtoturargoh joyi taxminan 14 kvadrat metr maydonni egallaydi, unga qo‘shimcha 10 kvadrat metr manyovr qilish uchun kerak bo‘ladi. Ushbu infratuzilmani saqlash uchun shahar asfalt yotqizish, ta’mirlash, tozalash kabi ishlarga resurs sarflaydi.

Dunyo bo‘ylab ko‘chalardagi tirbandlikni kamaytirish va tartibsiz avtoturargohlarga barham berishning pulli va nazorat ostidagi turargohlardan boshqa yo‘li o‘ylab topilmagan. Pulli avtoturargohlardan tushadigan mablag‘lar shahar ehtiyojlari va aholi manfaatlari uchun qayta yo‘naltiriladi — yo‘l belgilari va bordyurlarni o‘rnatishdan tortib, noqonuniy ravishda avtoturargoh sifatida egallab olingan hududlar sabab yo‘qotilgan yashil zonalarni tiklashgacha.

Poytaxt Parking faqat ko‘chani belgilab, to‘lov yig‘ish bilan cheklanmaydi. Kompaniya investitsiyalari hisobiga hozirga qadar 21 ming kvadrat metrdan ortiq asfalt tiklangan. Shuningdek, rezident ruxsatnomalari asosida Toshkent aholisi hozirda 20:00 dan 08:00 gacha bepul avtoturargohdan foydalanish imkoniga ega.

Qoidabuzarliklarni qayd etuvchi mobil komplekslar mavjud bo‘lib, ular ma’lumotlarni ma’muriy ish yuritish uchun YHXBBga yetkazadi. Kompaniya jamoatchilik bilan muloqotni ustuvor yo‘nalish deb biladi va turli tumanlardagi aholi bilan uchrashuvlar o‘tkazib kelmoqda.

Source: www.gazeta.uz