Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Avstriya politsiyasi mashhur bolalar ovqati brendi HiPP mahsulotlariga kalamush zahari qo‘shilgani bilan bog‘liq ish bo‘yicha 39 yoshli gumonlanuvchini hibsga oldi. Bu haqda Burgenland viloyati politsiya boshqarmasi matbuot kotibi Helmut Marban ma’lum qildi.

Shveytsariyaning HiPP kompaniyasi o‘tgan oy Avstriya, Chexiya va Slovakiyada sotilgan bolalar ovqati bankalarida kalamush zahari va noma’lum “toksik qo‘shimcha” topilganidan keyin mahsulotlarni qisman qaytarib olishga majbur bo‘lgan edi.

HiPP o‘zini dunyodagi eng yaxshi organik bolalar ovqati brendi deb ataydi. Kompaniya mahsulotlar ishlab chiqarish jarayonida ifloslanmaganini va chaqirib olish “jinoiy harakat” tufayli amalga oshirilganini ta’kidlagan.

Keyinchalik Sachseln shahrida joylashgan brendga noma’lum shaxs tomonidan shantaj qilish maqsadida murojaat qilingani ma’lum bo‘ldi.

Politsiya tergov sababli qo‘shimcha ma’lumot bermasa-da, jamoatchilikka HiPP mahsulotlarini iste’mol qilishdan ehtiyot bo‘lish tavsiya etilgan. Xususan, banka tagida oq stiker va qizil doira bo‘lgan, qopqog‘i shikastlangan yoki g‘alati hidli mahsulotlardan saqlanish kerak.

Avstriya sog‘liqni saqlash agentligi zahar bilan zaharlanish alomatlari (qon ketish, kuchsizlik, rangparlik) kuzatilgan holda shifokorga murojaat qilishni tavsiya qiladi. Kalamush zahari organizmda K vitamini ishlab chiqarilishiga to‘sqinlik qiladi va alomatlar odatda 2-5 kun ichida namoyon bo‘ladi.

Source: www.aljazeera.com