Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, 1-aprel holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda muomaladagi naqd pullar hajmi 66 trillion so‘mni tashkil etdi. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 14 trillion so‘mga (qariyb 27 foizga) ko‘pdir.

2026-yilning birinchi choragida banklar orqali naqd pul aylanmasi hajmi 330 trillion so‘mni tashkil etib, 2025-yilning shu davriga nisbatan 25 foizga oshgan. Banklarga naqd pul tushumlari 34 trillion so‘mga (26 foizga) ko‘paygan.

Aholi o‘z kartalaridan uch oy ichida 71 trillion so‘m naqd pul yechib olgan. Shu bilan birga, birinchi chorakda muomalaga chiqarilgan naqd pullar hajmi 2,6 trillion so‘mga kamaygan.

Naqd pullarning umumiy pul massasidagi ulushi 16,9 foizni tashkil etib, o‘tgan yilga nisbatan 1,7 foiz punktga pasaygan. Muomaladagi banknotlar soni 262 million donaga kamayib, 2 million 184 ming dona darajasida qolgan.

Eng ommabop banknot 100 ming so‘mlik bo‘lib, u naqd pullarning 36,2 foizini tashkil etadi. Ikkinchi o‘rinda 200 ming so‘mlik banknot (30,6 foiz), uchinchi o‘rinda 50 ming so‘mlik (18,3 foiz) turadi.

20 ming so‘mlik banknotlar ulushi 6,2 foiz, 10 ming so‘mliklar 4,4 foiz, 5 ming so‘mliklar 3,1 foiz, 2 ming so‘mliklar 0,6 foiz va 1 ming so‘mgacha bo‘lgan kupyuralar 0,5 foizni tashkil etdi.

Uch oy ichida 200 ming so‘mlik banknotlar ulushi eng ko‘p – 2,1 foiz punktga oshgan bo‘lsa, 20 ming so‘mlik banknotlar ulushi eng ko‘p – 0,9 foiz punktga kamaygan.

Source: kun.uz