Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Buxoro viloyati Ekologiya va iqlim o‘zgarishi bosh boshqarmasi xabariga ko‘ra, Buxoro shahridagi sobiq Telefon-telegraf binosi hududida 12 tup manzarali archa daraxti noqonuniy ravishda kesilgan. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabarlar ortidan o‘tkazilgan tekshiruvda ushbu holat aniqlangan.

Tekshiruv davomida ekologiya inspektorlari tomonidan huquqbuzarlik rasmiylashtirilgan va aybdorga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 79-moddasi 1-qismi bo‘yicha ma’muriy bayonnoma tuzilgan. Unga 10 million 300 ming so‘m miqdorida jarima qo‘llanilgan, shuningdek, tabiatga yetkazilgan zarar 95 million 584 ming so‘m etib belgilangan.

Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 79-moddasiga ko‘ra, daraxtlarni noqonuniy kesish fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining 25 baravaridan 50 baravarigacha (10,3–20,6 mln so‘m), mansabdor shaxslarga esa 50 baravaridan 75 baravarigacha (20,6–30,9 mln so‘m) miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Zarar miqdori Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 22-noyabrdagi 464-son qarori asosida hisoblanadi. Ushbu hujjatga ko‘ra, davlat o‘rmon fondiga kirmaydigan qimmatbaho daraxt va butalarni kesishga nisbatan moratoriy amal qilgan davrda yetkazilgan zarar ikki baravar oshirilgan holda hisoblanadi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda 2022-yildan boshlab davlat o‘rmon fondiga kirmaydigan daraxtlar va butalar qimmatbaho navlarining kesilishiga moratoriy muddatsiz davrga uzaytirilgan. Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025-yilda respublikada daraxt va butalarni noqonuniy kesish bilan bog‘liq 2328 ta huquqbuzarlik aniqlangan bo‘lib, eng ko‘p holat Toshkent shahri, Buxoro viloyati va Qoraqalpog‘istonda qayd etilgan. Ushbu huquqbuzarliklar natijasida tabiatga 13,3 milliard so‘m zarar yetkazilgan.

Source: www.gazeta.uz