Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Toshkent shahrida 3 may kuni kuchli yomg‘irdan so‘ng Chorsu metro bekati yaqinidagi yer osti o‘tish joylari va hudud suv ostida qoldi. Shahar hokimiyati mutaxassislari tomonidan o‘tkazilgan tekshiruv natijasida, hodisaning asosiy sababi irrigatsiya-drenaj tizimidagi jiddiy buzilishlar ekani aniqlandi.

Xususan, qurilish ishlari davomida suv chiqarish kanallari o‘zboshimchalik bilan to‘sib qo‘yilgan. Drenaj tarmoqlari o‘rniga avtoturargohlar va yo‘l infratuzilmasi obyektlari barpo etilgan. Bu esa suvning tabiiy oqishiga to‘sqinlik qilgan.

Poytaxt hokimiyati ma’lumotlariga ko‘ra, mavjud shahar tizimi kuniga 20 millimetrgacha yog‘inni qabul qilishga mo‘ljallangan. Biroq o‘tkazish qobiliyatining sezilarli darajada pasayishi tufayli suv toshqini 12 millimetr yog‘in miqdorida ham boshlangan. Hokimiyat ta’kidlashicha, infratuzilmadagi bunday tizimli shikastlanishlar mo‘tadil yomg‘irlarda ham takrorlanuvchi mahalliy suv toshqinlariga olib kelmoqda.

Kelgusida bunday holatlarning oldini olish uchun hokimiyat barcha to‘sib qo‘yilgan drenaj uchastkalarini tiklash va yangi suv chiqarish liniyalarini qurishni rejalashtirmoqda. Shu bilan birga, shaharning yangilangan bosh rejasi ishlab chiqilmoqda, unga ko‘ra muhandislik tarmoqlari 36 millimetrgacha bo‘lgan yog‘in miqdoriga bardosh berishi kerak.

Hozirda voqea joyida maxsus texnikalar jalb qilingan bo‘lib, stansiyani kelajakda himoya qilish uchun tiklash ishlari olib borilmoqda. Eslatib o‘tamiz, avvalroq Samarqand viloyatida ham anomal yomg‘irlar tufayli yo‘l uchastkalari zarar ko‘rgan edi.

Source: podrobno.uz