Toshkent shahrida bir erkak diniy nikohda bo‘lgan ayolni o‘ldirish uchun tanishini yollagan. Jinoyat sodir etilishi uchun buyurtmachi 2 ming dollar avans to‘lagan va ish tugagach yana 8 ming dollar berishni va’da qilgan.
Erkak tanishiga ayolning manzili, kvartira raqami, avtomobil markasi, kimlar bilan yashashi, uyga kelish va ketish vaqtlari kabi batafsil ma’lumotlarni taqdim etgan.
Jinoyat qidiruv xodimlari ayolning o‘limini sahnalashtirish bo‘yicha maxsus tezkor tadbir o‘tkazgan. Oldindan huquq-tartibot organlari nazoratiga olingan yollangan qotil ular bilan hamkorlik qilgan.
20 aprel kuni tezkor tadbir davomida qotil buyurtmachi bilan uchrashib, xotinning o‘ldirilgani haqida xabar bergan. Bu xabarni eshitgan erkak 6,5 million so‘m va jabrlanuvchi nomiga rasmiylashtirilgan Tracker avtomobilini topshirgan, shundan so‘ng jinoyat ustida qo‘lga olingan.
Jinoyat kodeksining 97-moddasi bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atilgan. Gumonlanuvchi hibsga olingan, tergov harakatlari davom etmoqda.
Source: kun.uz