Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

9-may kuni Nyu-Yorkning Brayton-Bich mavzesida O‘zbekiston xalq artisti Yulduz Usmonovaning konserti bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgandi. Biroq so‘nggi kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda AQShdagi yahudiy jamoatchiligi vakillari ushbu konsertni bekor qilish talabi bilan chiqishdi.

Nyu-York shtati assambleyasi deputatlari Mixail Novaxov va Alek Bruk-Krasniy, shuningdek, 40 dan ortiq qonun chiqaruvchi AQSh davlat kotibi Marko Rubioga antisemitik bayonotlardagi ayblovlar fonida o‘zbek xonandasining vizasini bekor qilish iltimosi bilan murojaat qildi.

Novaxovning so‘zlariga ko‘ra, bunga avvalroq e’lon qilingan video sabab bo‘lgan, unda Usmonova yahudiylar sha’niga keskin fikrlar bildirgan. Deputatning ta’kidlashicha, gap jamoatchilik o‘rtasida norozilik uyg‘otgan la’nat va haqoratlar haqida bormoqda.

“Hozirda jamoatchiligimizda qabul qilib bo‘lmaydigan bir voqea yuz berish arafasida turibdi. Va biz bunga jim qarab turmaymiz. Yahudiy xalqiga va kelajak avlodlarga zarar yetkazishga ommaviy ravishda chaqirgan ijrochi Qo‘shma Shtatlarga kelishi va aynan shu yerda, Bruklinda — dunyodagi eng yirik yahudiy jamoalaridan birining qoq markazida chiqish qilishi rejalashtirilgan. Bir narsani aniq aytmoqchiman: bu so‘z erkinligi emas, bu badiiy ifoda emas, bu mamlakatimizda o‘rni bo‘lmagan nafratli va xavfli ritorikadir”, — deydi Novaxov videomurojaatida.

“Keyingi choralarni ko‘rishdan oldin mening idoram xolis niyat bilan u bilan bog‘lanishga va unga ushbu bayonotlarni qaytarib olish hamda ommaviy uzr so‘rash imkoniyatini berishga harakat qildi. U esa rad etdi. Bu siz bilishingiz kerak bo‘lgan hamma narsani aytib turibdi”, — deyiladi videoda.

“Davlat kotibi Marko Rubioga rasmiy ravishda xat yo‘llab, qo‘shiqchining Qo‘shma Shtatlarga kirish huquqini zudlik bilan qayta ko‘rib chiqishni, nafratni targ‘ib qilish va adovat qo‘zg‘atish asosida har qanday vizani bekor qilishni va mamlakatga kirishini taqiqlashni talab qildim. Nassau okrugi rahbari Bryus Bleykman va hamkasblarim bilan birgalikda buni ommaga e’lon qilib, javobgarlikni talab etyapmiz, mamlakatimizga kirish bu huquq emas, balki imtiyozdir”, — dedi Novaxov.

Keyinroq — Novaxov davlat kotibiga qilgan murojaati va Facebook’da 250 mingdan ortiq ko‘rilgan videosi e’lon qilingach, konsert tashkilotchilari unga Usmonova ishtirokidagi yangi videoni yuborganini aytib, uni o‘z sahifasida bo‘lishdi. Videoda Usmonova yahudiylarning oqibatliligini o‘rnak qilib keltirgan, shuningdek, yahudiy va sionist boshqa-boshqa tushunchalar ekanini ta’kidlagan. Aytish kerakki, bu video qachon yozilgani noma’lum.

Xonanda bundan 5 yil avval ham Isroil-Falastin mojarosi fonida videochiqish qilgan va yahudiylar haqida aytgan gaplari muhokamalarga sabab bo‘lgandi.

Maykl Novaxov va Nassau okrugi rahbari, gubernatorlikka nomzod Bryus Bleykman 4-aprel kuni ushbu voqealar munosabati bilan favqulodda matbuot anjumani o‘tkazdi. Tadbir konsert o‘tishi reja qilingan “Oceana” kinoteatri binosi oldida tashkil qilindi.

Shundan so‘ng Novaxov boshqa bir video e’lon qildi: “Ajoyib yangilik!.. Antisemit Yulduz Usmonovaning „Oceana“ teatridagi konserti bekor qilingani haqida xabar oldim! Bu yahudiy jamoatchiligimiz uchun juda katta g‘alaba. Barchamizni tabriklayman va mitinglarga chiqqan, norozilik bildirgan, yozgan va izoh qoldirgan barchaga katta rahmat aytaman. Aynan mana shu bosim ostida konsert bekor qilindi. Teatrga esa ko‘rsatgan yordami va bekor qilingan konsert uchun katta rahmat. Biz kurashni davom ettiramiz, to‘xtab qolmaymiz, chunki antisemit Yulduz Usmonovaning barcha konsertlari AQShning barcha shtatlarida bekor qilinishini xohlaymiz”, — dedi u.

“Oceana” teatri ham konsert bekor bo‘lganini tasdiqdi. “9-may kuniga belgilangan Yulduz Usmonovaning konserti bekor qilindi. Hurmatli mijozlar, chipta pullari chipta sotib olingan joylarda qaytarib beriladi. Keltirilgan noqulayliklar uchun uzr so‘raymiz”, — deyiladi e’londa.

Ushbu voqealar fonida Yulduz Usmonovaning o‘zi ham murojaat bilan chiqdi. “Bizning vatandoshlarimiz, o‘zbeklar, qirg‘izlar va barcha muxlislarim Yulduz Usmonova konsertlari uchun chipta xarid qilishganidan minnatdorman. Barcha chiptalar sotib bo‘lingan (sold out), bu ham meni juda quvontiradi. Lekin „peshonaga yozilgani bo‘ladi“ deyishadi”, — deydi u.

“Agar yahudiylar meriya qarshisida to‘planib, siyosatga aralashayotgan bo‘lsa, bu biz uchun ham obro‘, ham yutuqdir. Mayli, ular qarshi chiqsin. Ammo siz, yahudiylar va sionistlar, agar meni uzr so‘raydi deb o‘ylayotgan bo‘lsangiz, qattiq adashasiz. Men o‘z qarashlarimda sobitman va zo‘ravonlikka qarshimiz”, — dedi xonanda.

“Falastin ozod bo‘lishi kerak, bu — ularning yeri. Siz qadimiy xalq bo‘lishingiz mumkin, ammo Isroil — yangi davlat. Amerika esa Isroil emas. Shuning uchun o‘zingizni dunyo egasidek tutmang. Bu dunyoning o‘z egalari bor va ular siz emassiz. Balki banklarni boshqararsiz, ammo dunyo ko‘zini ochmoqda. Biroz kuting, butun dunyoni o‘zingizga qarshi qildingiz. Bizni ham shunday qarshi qilishda davom eting. Siz o‘z asl basharangizni yana bir bor ko‘rsatdingiz”, — deb ta’kidladi Usmonova o‘z murojaatida.

“Sizdan hech kim, inshaalloh, hech qachon uzr so‘ramaydi, chunki siz zo‘ravonsiz. Biz esa o‘zini hurmat qiladigan qadimiy xalqmiz. Dinimizni, millatimizni va qadimiy vatanimizni sevamiz. Qanchalik norozilik bildirmang, bu menga faqat obro‘ qo‘shadi. Hammaning menga qarshi to‘planishi meni quvontiradi. Konsertlarda, albatta, ko‘rishamiz, bu safar bo‘lmasa, keyingi safar”, — deb so‘ziga yakun yasadi u.

Ma’lumot uchun, 11-may kuni Yulduz Usmonovaning AQShdagi boshqa bir konserti ham rejalashtirilgan. Tadbir Trump Kennedy Center kampus ijarasi ofisi bilan kelishilgan holda Vashingtondagi Terrace Theater`da o‘tishi kerak.

Source: www.gazeta.uz