O‘zbekiston 18-apreldan 18-mayga qadar “Chorvachilikda sanitariya-epidemiya-gigiyena” oyligini e’lon qildi. Bu qaror Rossiya, Xitoy, Qozog‘iston kabi mamlakatlarda oqsil (yaur) kasalligi tarqalayotgani haqidagi xabarlar fonida qabul qilindi.
Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasi boshqarma boshlig‘i Jahongir Tursagatovning ta’kidlashicha, oqsil – o‘ta tez tarqaladigan va o‘tkir kechadigan yuqumli kasallik bo‘lib, qoramol, qo‘y, echki, tuya va boshqa juft tuyoqli hayvonlarda uchraydi. Virus tashqi muhitga, ayniqsa nam va salqin sharoitga chidamli.
Kasallik asosan bahor va kuz oylarida tarqaladi. Alomatlari: og‘iz bo‘shlig‘ida, yelinda va tuyoq atrofida pufakchalar, so‘lak oqishi, harorat ko‘tarilishi, sut mahsuldorligining 50-75% ga kamayishi. Yosh hayvonlarda o‘lim darajasi 80-100% ga yetishi mumkin.
Jahon hayvonlar sog‘ligi tashkiloti ma’lumotiga ko‘ra, 2025-2026 yillarda 48 davlatda 11,1 ming holat qayd etilgan. O‘zbekistonda virusning “A”, “O” va “Osiyo-1” tiplari uchraydi. So‘nggi paytlarda yangi tip va serovariantlar paydo bo‘lmoqda.
O‘zbekistonda so‘nggi 25-30 yil ichida oqsil kasalligi aniqlanmagan. Biroq qo‘shni davlatlar (Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Afg‘oniston, Eron) bilan chegaradoshligi sababli xavf saqlanib qolmoqda. Hozirda epizootik holat barqaror.
Profilaktik emlash ishlari 6 221 km uzunlikdagi bufer hududlardagi 82 tumanda olib borilmoqda. 2025-yilda 14 583 ta tahlil o‘tkazilib, “A” serotipiga 83%, “O” serotipiga 82%, “Osiyo-1” serotipiga 84% immunitet faolligi aniqlangan.
Vazirlar Mahkamasiga farmoyish loyihasi kiritilgan bo‘lib, unda Rossiyaning bir qator mintaqalaridan juft tuyoqli hayvonlar va ularning mahsulotlarini olib kirishga vaqtinchalik cheklov joriy etish taklifi bor. Shu bilan birga, 20 million doza polivalentli vaksina xarid qilish boshlangan.
Joriy yilda 39 million bosh chorva hayvonlari 11 turdagi, 106 million bosh parrandalar 4 turdagi kasalliklarga qarshi emlanadi. 28-aprel holatiga ko‘ra, oqsilga qarshi 4,5 million bosh hayvon emlangan. Barcha emlashlar davlat budjeti hisobidan bepul amalga oshiriladi.
Source: www.gazeta.uz