O‘zbekistonning Pokistondagi elchixonasi fuqarolikni tasdiqlash va hujjatlarni rasmiylashtirish orqali uzoq yillar davomida noqonuniy yashagan ayolni vatanga qaytarishga yordam berdi.
Elchixona ma’lumotlariga ko‘ra, joriy yilning fevral oyida ayol diplomatik vakolatxonaga murojaat qilib, vatanga qaytishda yordam so‘ragan. Tekshiruv natijasida u 2005 yildan beri Pokistonda vizasiz yashab kelayotgani va og‘ir ijtimoiy ahvolda ekani aniqlangan.
Ayolning so‘zlariga ko‘ra, u 2005 yilda Pokistonga fuqaroga turmushga chiqish uchun kelgan. O‘sha yili eri yo‘l-transport hodisasiga uchrab, nogiron bo‘lib qolgan. Shu vaqtdan beri ayol unga qarab kelgan. Hozirda erining ahvoli qisman yaxshilangan bo‘lsa-da, nogironligi saqlanib qolgan va oilaning ijtimoiy hamda moliyaviy ahvoli og‘irligicha qolmoqda.
Elchixonada ayolning moliyaviy imkoniyatlari cheklanganligi — u faqat kundalik xarajatlarni qoplay olgani ta’kidlangan.
Diplomatlar uning shaxsi va fuqaroligini tasdiqlab, zarur hujjatlarni rasmiylashtirgan va vatanga qaytishda ko‘maklashgan. Elchixona ko‘magida aviachipta sotib olingan.
2 may kuni ayol Islomobod — Toshkent reysi bilan O‘zbekistonga qaytgan.
Source: kun.uz