Jizzax viloyati G‘allaorol tumanidagi Marjonbuloq temiryo‘l stansiyasida 24-aprel kuni 7-sinf o‘quvchisi vagon tomiga chiqib suratga tushmoqchi bo‘lganida yuqori voltli elektr toki urishi natijasida og‘ir jarohat oldi. Bu haqda “Millar” dasturida xabar berildi.
Hodisa stansiyada to‘xtab turgan vagon ustiga chiqqan 2012-yilda tug‘ilgan, Jizzax viloyatida yashovchi o‘smir bilan sodir bo‘lgan. U yuqori voltli tok urishidan tan jarohati olgan.
Voqeadan so‘ng yarador tez yordam mashinasida G‘allaorol tumanidagi tibbiy muassasaga yetkazilib, reanimatsiya bo‘limiga yotqizilgan. Shifokorlar xulosasiga ko‘ra, o‘smir tanasining 35-40 foizida ikkinchi va uchinchi darajali kuyishlar aniqlangan.
Jizzax viloyati Transport xavfsizligini ta’minlash boshqarmasi tomonidan ushbu fakt yuzasidan tergovgacha tekshiruv ishlari olib borilmoqda. Holatning barcha tafsilotlari aniqlanmoqda.
Source: kun.uz