Toshkent shahar hokimiyati ma’lumotiga ko‘ra, poytaxt markazidagi Sayilgoh ko‘chasi, ya’ni “Brodcvey” nomi bilan mashhur bo‘lgan piyodalar yo‘lagi hamda unga tutash bog‘ va sayr zonalari kompleks rekonstruksiya qilinadi.
Hozirgi holat tahlili shuni ko‘rsatdiki, eskirgan qoplama, zamonaviy talablarga javob bermaydigan yoritish tizimi va to‘siqsiz muhitning yo‘qligi shaharning asosiy piyodalar arteriyasini aholi uchun noqulay qilgan. Shu sababli, hokimiyat ushbu hududni obodonlashtirishga qaror qilgan.
Ta’mirlash ishlari doirasida piyodalar yo‘laklarining qoplamasi to‘liq almashtiriladi, favvoralar ta’mirlanadi va zamonaviy yoritish bilan jihozlangan yangi skameykalar o‘rnatiladi. Shuningdek, Yagona dizayn-kod joriy etiladi: tartibsiz reklama va noqonuniy qurilmalar demontaj qilinadi, savdo nuqtalari esa umumiy estetik va sanitariya talablariga moslashtiriladi.
Yangilangan hududda tartib va xavfsizlikni ta’minlash uchun videokuzatuv tizimlari o‘rnatiladi. Ekologik jihatdan esa mutaxassislar mavjud yashil fondni o‘rganib, eski daraxtlarni saqlab qolishadi va qo‘shimcha ravishda kamida mingta yangi ko‘chat va manzarali butalar ekiladi.
Hokimiyat vakillarining ta’kidlashicha, keng ko‘lamli rekonstruksiya “Brodcvey”ning odatiy hayot tarzini o‘zgartirmaydi: ko‘cha rassomlari va musiqachilari bu makonning bir qismi bo‘lib qoladi, ammo ular endi yanada qulay va obodonlashtirilgan sharoitda faoliyat yuritadilar.
Source: podrobno.uz