Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

️ 9-aprel kuni Andijon viloyati Xo‘jaobod tuman sudida 26 yoshli Y.I. ismli fuqaro Rossiya-Ukraina urushida Rossiya tomonida jang qilgani uchun sudlangan. U Jinoyat kodeksining 154-moddasi 1-qismi (Yollanish) bo‘yicha aybli deb topilib, 3 yil ozodlikdan mahrum qilindi.

️ Sud materiallariga ko‘ra, Y.I. 2023-yil yanvar oyida ishlash maqsadida Rossiyaning Nijnevartovsk shahriga ketgan. 2024-yil yanvarida u Rossiya Mudofaa vazirligining 41680-sonli harbiy qismi bilan shartnoma tuzib, Ukrainadagi qurolli to‘qnashuvlarda qatnashgan. U hech qanday davlat fuqarosi yoki harbiy xizmatchisi bo‘lmagan, rasmiy topshiriqsiz harakat qilgan.

️ Sudda Y.I. qarzlarini to‘lay olmagani sababli urushga borishga qaror qilganini aytgan. U ko‘chadagi e‘londa 740 ming rubl bir martalik to‘lov va oyiga 204 ming rubl maosh taklif qilinganini ko‘rgan. 2024-yil 7-yanvarda ariza topshirgan va bir haftadan so‘ng 20 nafar rossiyalik bilan Xanti-Mansiyskga olib ketilgan.

️ U “Turk” laqabini olgan va AK-74 avtomatidan foydalanishni o‘rgangan. 2024-yil mart oyida “Toninkaya” hududidagi jangda dron zarbasi oqibatida sakkiz nafar sherigidan ko‘pchiligi halok bo‘lgan, Y.I. esa chap kuragi va soniga snaryad parchalari tegib yaralangan. Keyin Rostov va Astraxan viloyatlaridagi harbiy shifoxonalarda davolangan.

️ Shifoxonada qozoq millatiga mansub shaxslardan boshqa davlat manfaati uchun urushish jinoyat ekanini bilib, akasi bilan gaplashib O‘zbekistonga qaytishga qaror qilgan. 2024-yil 13-aprelda vatanga qaytgan va harbiy shartnoma, jeton va hujjatlarni Farg‘ona kanaliga tashlab yuborgan.

️ 2025-yil may oyida Y.I. Xo‘jaobod tuman IIBga borib, harbiy sumka, bank kartalari, tibbiy hujjatlar, kiyimlar va telefonini ixtiyoriy topshirgan. Sud-tibbiy ekspertizasida uning chap son suyagi ochiq singani, tanasida metall parchalari qolgani aniqlangan.

️ Sud jazo tayinlashda uning pushaymonligi, ilgari sudlanmagani, oilada yagona boquvchi ekani va urushda jarohatlanganini inobatga olgan. Shu bilan birga, jinoyat g‘arazli niyatda sodir etilgani og‘irlashtiruvchi holat sifatida baholangan. Sud Jinoyat kodeksining 57-moddasini (yengilroq jazo tayinlash) qo‘llab, 3 yil ozodlikdan mahrum qilgan. Hukm e’lon qilinishi bilan Y.I. qamoqqa olingan.

Source: www.gazeta.uz