Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Singapur Ta'lim vazirligi maktablarda tengdoshlarini tahqirlash, jumladan kiberbullingga qarshi kurashishning yangi qoidalarini tasdiqladi. Endilikda o'g'il bolalarga nisbatan darra bilan savalash jazosi qo'llanishi mumkin, deb xabar bermoqda Guardian nashri ta'lim vaziri Desmond Lining bayonotiga tayanib.

Yangiliklar seshanba kuni mamlakat parlamentida muhokama qilindi. Darra bilan urish jazosi istisno tariqasida faqat 9 yoshdan katta o'g'il bolalarga nisbatan qo'llanadi. Eng ko'p zarbalar soni — uchta. Ushbu tizim 2027-yildan boshlab Singapurning barcha maktablarida joriy etiladi.

Singapur qonunchiligiga ko'ra, qiz bolalarga nisbatan jismoniy jazo qo'llash taqiqlangani sababli ularga nisbatan muqobil choralar: sinfda qoldirish, darslardan chetlashtirish va xulq-atvori uchun bahosini pasaytirish kabi jazolar qo'llanadi.

Vazirning so'zlariga ko'ra, jismoniy jazo faqat “nojo'ya xatti-harakatning jiddiyligini hisobga olgan holda, boshqa barcha choralar yetarli bo'lmay qolgan taqdirdagina” ishlatiladi. U maktab ma'muriyati o'quvchining xavfsizligini ta'minlash uchun “qat'iy protokollarga” amal qilishini ta'kidladi.

“Jismoniy jazo direktor tomonidan ma'qullanishi va faqat vakolatli o'qituvchilar tomonidan amalga oshirilishi kerak. Maktablar o'quvchining yetilganlik darajasini hamda jismoniy jazo unga o'z xatosidan saboq chiqarishga va qilgan ishining jiddiyligini anglashga yordam berishi kabi omillarni hisobga oladi”, — dedi Desmond Li.

Darra bilan savalashdan keyin maktab “o'quvchining ahvoli va yutuqlarini kuzatib boradi” hamda zarurat tug'ilganda psixologik yordam ko'rsatilishini ta'minlaydi, deya qo'shimcha qildi Li.

Intizom choralarini kuchaytirishga o'tgan yili mamlakatda yuz bergan, jamiyatda katta shov-shuv uyg'otgan bir nechta tahqirlash holatlari sabab bo'lgan, deb qayd etadi Guardian.

Darra bilan savalash jazosi Singapurda XIX asrda Britaniya mustamlakachiligi davrida joriy etilgan bo'lib, bugungi kunda ham bosqinchilik, firibgarlik yoki viza muddatini 90 kundan ortiq o'tkazib yuborish kabi jinoyatlarni sodir etgan 50 yoshdan kichik erkaklarga nisbatan qo'llanmoqda.

Jahon sog'liqni saqlash tashkilotining o'tgan yili e'lon qilingan ma'ruzasida aytilishicha, jismoniy jazolar hamon keng tarqalgan amaliyot bo'lib qolmoqda hamda bolalarning jismoniy va ruhiy salomatligiga jiddiy zarar yetkazmoqda. JSST ma'lumotlariga ko'ra, dunyoda har yili 18 yoshgacha bo'lgan qariyb 1,2 milliard bola oilada jismoniy jazoga duchor bo'ladi.

Source: www.gazeta.uz