O‘zgidromet ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yilning aprel oyi o‘rtacha iliq bo‘lib, so‘nggi yillarda kuzatilgan iliq aprel oylari qatorini davom ettirdi. Oyning o‘rtacha harorati barcha joylarda iqlimiy me’yordan 1−2,6 darajaga yuqori bo‘ldi.
Oyning eng iliq kunlarida havo harorati +28…+33 darajagacha, shimolda, janubda va cho‘l hududlarda ba’zi joylarda esa +34…+36 darajagacha ko‘tarildi. Biroq o‘tgan aprel 2025-yilning apreliga nisbatan salqinroq bo‘lib, u O‘zbekiston hududining katta qismida eng iliq aprel oylari uchligiga kirdi va respublikaning ko‘pchilik hududlarida oylik maksimal harorat rekordlarini o‘rnatdi.
15-apreldan 18-aprelgacha bo‘lgan davr eng sovuq bo‘lib, bunda havo harorati kechalari +5…+10 daraja, kunduz kunlari +13…+18 daraja bo‘ldi. Apreldagi harorat tartibi bog‘larning yalpi gullashi, shuningdek, ekish kampaniyasini o‘tkazish va ekilgan ekinlarning dastlabki rivojlanishi uchun qulay bo‘ldi.
O‘tgan aprel oyi nisbatan qurg‘oqchil bo‘ldi. Respublika hududining katta qismida aprel oyida yog‘ingarchilik miqdori me’yordan kam bo‘ldi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm, Navoiy viloyatlarida va Buxoro viloyatining katta qismida, ya’ni iqlimiy me’yorlari yuqori bo‘lmagan hududlarda, aprel oyidagi yog‘ingarchilik o‘rtacha ko‘p yillik qiymatlardan yuqori bo‘ldi.
Ushbu fonda Samarqand viloyati hamda Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlarining tog‘ oldi va tog‘li hududlari ajralib turdi, bunda iqlimiy me’yorlar nisbatan yuqori bo‘lishiga qaramay, o‘tgan aprel oyida yog‘ingarchilik miqdori me’yordan yuqori yoki me’yorga mos bo‘lgani kuzatildi.
Ayrim kunlarda respublika bo‘yicha ba’zi joylarida yog‘ingarchilik miqdori bir kecha-kunduzda 15 mm dan 35 mm gacha, Qashqadaryo va Toshkent viloyatlarining tog‘ oldi hududlarida 40−50 mm gacha (ko‘pincha bir necha soat ichida) bo‘lgan kuchli jala yomg‘irlar yog‘ishi kuzatildi, bu oylik me’yorning 30% dan 70% gachani tashkil etdi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasining ayrim shimoliy hududlarida va Qizilqum cho‘lida (Qo‘ng‘irot, Jasliq, Jongeldi meteostansiyalari) yog‘ingarchilik miqdori me’yordan 120−220% ni tashkil etgan kuchli jala yomg‘irlar yog‘ishi kuzatildi. Yomg‘irlar tez-tez momaqaldiroq, ba’zi joylarda kuchli shamollar, ayrim tumanlarda esa do‘l yog‘ishi bilan kuzatildi. Bu oyda yomg‘irlar yog‘ishi respublikaning tog‘oldi va tog‘li hududlarida sel-suv toshqini hodisalarining faollashishiga sabab bo‘ldi.
Source: www.gazeta.uz