Texas shtatining Grapevine shahrida bir kishi Tesla Cybertruck mashinasini ataylab ko‘lga haydab, uning "Wade Mode" funksiyasini sinab ko‘rgani uchun hibsga olindi. Grapevine politsiya departamenti xabariga ko‘ra, voqea dushanba kuni Grapevine ko‘lida sodir bo‘lgan.
Politsiya xodimlari suvga cho‘kib qolgan va haydovchi hamda yo‘lovchilar tomonidan tashlab ketilgan mashinani qutqarish uchun chaqirilgan. Mashina suv olib, tiqilib qolgan.
Tesla’ning onlayn qo‘llanmasiga ko‘ra, Wade Mode Cybertruck’ga maksimal 81,5 sm chuqurlikdagi daryo yoki soylardan o‘tish imkonini beradi. Biroq haydovchi bu funksiyadan noto‘g‘ri foydalangan.
Haydovchi ko‘lning yopiq qismida transport vositasini boshqarish va suv xavfsizligi jihozlari qoidalarini buzganlikda ayblanib hibsga olingan. Grapevine o‘t o‘chirish bo‘limining suv qutqaruv guruhi mashinani qirg‘oqdan olib chiqishda yordam bergan.
Politsiya bayonotiga ko‘ra, haydovchi "Cybertruck’ning Wade Mode funksiyasidan foydalanish uchun ataylab ko‘lga kirganini" tan olgan. Shundan so‘ng mashina ishdan chiqib, suv olgan.
Politsiya qo‘shimcha qilishicha, "mashina texnik jihatdan sayoz chuchuk suvli hududlarga kira olsa-da, bu Texas qonunchiligiga ko‘ra huquqiy va xavfsizlik muammolarini keltirib chiqarishi mumkin".
Grapevine politsiyasi vakili Katharina Gamboa: "Biz hech kimni mashinasini ataylab suvga haydashga undamaymiz. Bu nafaqat xavfsizlik, balki huquqiy muammo hamdir", degan.
Tesla Cybertruck 2019-yilda taqdim etilgan va 2023-yilda ommaga chiqarilgan elektr pikapdir. U raketa kabi, o‘q o‘tmaydigan po‘lat materiallardan yasalgan.
Tesla’ning foydalanuvchi qo‘llanmasida aytilishicha, haydovchi suvga kirishdan oldin uning chuqurligini o‘lchashi kerak va suvda haydash natijasida yetkazilgan zarar kafolat bilan qoplanmaydi.
Maksimal suv o‘tish chuqurligi shinaning pastki qismidan taxminan 32 dyuym (815 mm) ekani qayd etilgan. Agar suv juda chuqur bo‘lsa, haydovchiga sayozroq joyga qaytish tavsiya etiladi.
Source: www.bbc.com