Toshkentdagi Astronomiya parkida joylashgan ARTepa san’at galereyasida shveysariyalik rassom Peter Ershmanning shaxsiy ko‘rgazmasi ochildi. “Qo‘g‘irchoqlar” nomli ushbu ko‘rgazma Markaziy Osiyo san’at va madaniyat dasturi (CAACP) hamda Shveysariya taraqqiyot va hamkorlik agentligi (SDC) hamkorligida “Art Station: so‘z erkinligi, badiiy ijod, inklyuziv muloqot va jamiyat rivoji chorrahalari” loyihasi doirasida tashkil etilgan. Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi ham ko‘maklashgan.
Ko‘rgazma insoniyatning texnologiyalar, tabiat va atrof-muhit bilan munosabatlariga bag‘ishlangan. Galereya maydoni tableaux vivants — “jonli kartinalar” formatidagi videoinstallyatsiyalar bilan bezatilgan. Muallif vizual san’at va qo‘g‘irchoq obrazlari orqali iste’mol, ekologik beqarorlik, raqamli dunyodan uzoqlashish va ijtimoiy yakkalanish mavzularini tadqiq etadi.
Loyiha kuratori Dona Qulmatovaning aytishicha, rassom videoinstallyatsiyalar orqali zamonaviy hayotning takrorlanuvchi ssenariylarini, insonning ekologiyaga ta’sirini va takrorlanadigan xatolarning oqibatlarini ko‘rsatadi. “Peter Ershmann yigirma yildan ortiq vaqt davomida videoinstallyatsiya yo‘nalishida ijod qilib keladi. U raqamli tableaux vivants — o‘ziga xos ‘jonli kartinalar’ni yaratadi. Ularda qahramonlar bir xil harakat va odatiy ishlarni qayta-qayta takrorlaydi. Bu esa zamonaviy hayotning kundalik marosimlarini eslatib, insonga ta’sir qiluvchi tizimlar — texnologiyalar, ijtimoiy me’yorlar, iqtisodiy jarayonlar va ekologik o‘zgarishlarning metaforasiga aylanadi”, — deydi u.
Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi raisi Aziz Abduhakimov ko‘rgazma ochilishida ekspozitsiya nafaqat san’at, balki har bir kishining hayotidagi odatlar haqida ekanini ta’kidladi. “Qo‘g‘irchoqlar timsoli insonlar ba’zan bir xil qolipda, kundalik odatlar girdobida yashab, o‘z xatti-harakatlari va tanlovlari jamiyat hamda atrof-muhitga qanday ta’sir qilayotganini sezmay qolishini ifodalaydi”, — dedi u.
Ko‘rgazmada “Qayiq”, “Ko‘rinmaslar”, “Bog‘”, “O‘tloq” va “Qor sharlari” kabi videoinstallyatsiyalar namoyish etilmoqda. Rassomning so‘zlariga ko‘ra, asarlar aniq ma’lumot berishdan ko‘ra, odamlar uchrashib, muhokama qilishi va o‘ylashi uchun ilhomlantiruvchi platforma yaratishga qaratilgan. Ko‘rgazma 31-iyulga qadar davom etadi va kirish bepul.
Source: www.gazeta.uz