Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahri Uchtepa tumanida ikki haydovchi o‘rtasidagi ziddiyat aks etgan video tarqaldi. Unda erkak haydovchi videoga olayotgan ayolni so‘kayotgani va telefonini olib qo‘yib, unga tashlanmoqchi bo‘lgani aks etgan.
Poytaxt Ichki ishlar bosh boshqarmasi xabariga ko‘ra, voqea 8-iyun kuni tumanning Haqiqat ko‘chasida sodir bo‘lgan. 41 yoshli Nexia 3 haydovchisi M.Sh. (erkak) hamda 34 yoshli T.F. (ayol) o‘rtasida yo‘l harakatidagi kelishmovchilik oqibatida janjal kelib chiqqan. So‘ngra erkak haydovchisi jamoat joyida uyatli so‘zlar bilan so‘kinib, jamiyatda yurish-turish qoidalarini qasddan buzgan.
Holat yuzasidan M.Sh.ga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 183-moddasi (Mayda bezorilik) alomatlari bilan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan. Jinoyat ishlari bo‘yicha tuman sudi tomonidan unga nisbatan 15 sutka muddatga ma’muriy qamoq jazosi tayinlandi.
“Qizimni bog‘chaga tashladim. Sekin orqaga yurib chiqyotgan edim. Bu kishi mahalla ichida, ikkita bog‘cha bor yo‘lda tez kelayotgan ekan. Nima xato qilgan ekanman deb, mashinamni chetga olib, tushdim. Men orqaga yurganimda ham orqamdan yuriladigan yo‘l bor edi. Bu inson o‘tib ketsa bo‘lardi… Bundan battar so‘kinishlar, haqoratlar bo‘lgan, telefonimni qo‘limdan yulib olib, telefonni bermasliklar… Men ertalabdan beri titrab, o‘zimga kela olmayapman”, — dedi ayol suddagi ko‘rsatmasida.
Ayolga himoya orderi ham berilgan. “Men kechirim so‘rayman. Boshqa qaytarilmaydi bunaqa narsa. Hurmat qilib, to‘g‘ri yuraman. Jahlni keyingi safar uyda jilovlab, to‘g‘ri qilib, keyin ko‘chaga chiqishni o‘rganaman. Bunaqa narsa boshqa bo‘lmaydi”, — deydi haydovchi.
Source: www.gazeta.uz