Iyun oyi boshida Toshkentning Mirzo Ulug‘bek tumanidagi “Turon” mahallasida joylashgan 1 va 2-sonli uylar hovlisiga kutilmaganda ishchilar va og‘ir texnika keldi. Ular aholi ko‘p yillar avval o‘z mablag‘lari hisobidan barpo etgan bolalar maydonchasini demontaj qilishni boshladi. Keyinroq ma’lum bo‘lishicha, hokimlik hovlini obodonlashtirish loyihasini rejalashtirgan bo‘lib, unga ko‘ra hovli markazida favvora qurish, so‘rilar o‘rnatish va barbekyu zonasi tashkil etish ko‘zda tutilgan.
Aholi obodonlashtirish loyihasiga qarshi chiqdi. Ular turli idoralarga murojaatlar yo‘lladi, shahar va mamlakat rahbariyatiga videomurojaat yozib, Gazeta’ga ham murojaat qildi. Nashr muxbiri aholi, qurilish kompaniyasi vakillari hamda tuman hokimligi mas’ullari bilan suhbatlashdi.
Keksa aholi eslashicha, avval hovli hududi yaxshi parvarish qilinmagan bo‘lsa-da, ko‘kalamzor bo‘lgan. Keyin bu yerda kichik futbol maydoni, tepalik, arg‘imchoqlar, turli trenajyorlar, o‘rindiqlar, ayvonlar hamda chiqindi qutilari paydo bo‘lgan. Bularning deyarli barchasini qo‘shnilardan biri o‘z mablag‘i hisobidan qurgan. Shu bois maydoncha aholi uchun alohida qadrli hisoblanadi.
Hozirgi vaqtga kelib, maydonchadagi jihozlarning ko‘p qismi eskirgan. Masalan, bir vaqtlar odatiy hisoblangan metall arg‘imchoqlar bugungi kunda xavfsizlik talablariga javob bermaydi, deb hisoblanadi. Biroq hovlida deyarli har doim aholi va o‘ynayotgan bolalarni uchratish mumkin. Bu mahalladagi yagona shunday maydoncha bo‘lgani uchun bu yerga atrofdagi uylarda yashovchilar ham keladi.
Hovlining bir qismini avtomobillar egallab olgan. Ilgari hovli chetida garajlar bo‘lgan, ammo keyinchalik ular buzilgan. Aholiga uy oldida yashil hudud tashkil etish va’da qilingan, ammo uning o‘rniga jarima maydonchasi paydo bo‘lgan. Uylar orasidan bolalar bog‘chasiga olib boradigan tor ko‘cha esa ertalab va kechqurun avtomobillar bilan to‘lib ketadi.
“Ikkinchi iyun kuni ertalab aholi derazadan qarasa, texnika kelgan ekan: ekskavator turibdi, odamlar perforatorlar bilan anavi arg‘imchoqlar va trenajyorlarni buzishyapti. Biz chiqib, ular bilan tortishdik, nima bo‘layotganini so‘ray boshladik”, — dedi 1-sonli uyda yashovchi Yelena Abdullayeva.
Keyinroq maydonga hovlini obodonlashtirish loyihasi eskizlari joylashtirilgan stend o‘rnatildi. Mirzo Ulug‘bek tumani hokimligi ham ularni o‘zining Telegram kanalida e’lon qildi. Hokimlik Gazeta’ga aholi ishlar boshlanishidan avval xabardor qilinganini ma’lum qildi. Biroq aholi loyihaning tafsilotlari o‘zlariga ma’lum bo‘lmaganini aytmoqda.
Loyiha eskizlaridan ko‘rinishicha, uni ishlab chiqqanlar taklif etilayotgan yechimlar aholiga kerakmi-yo‘qmi, bu haqda unchalik o‘ylamagan. Hovli hududining katta qismi beton plitkalar bilan qoplanishi rejalashtirilgan bo‘lib, bu issiq kunlarda yer yuzasining yanada qizishiga va uylarda yashash sharoitining yomonlashishiga olib kelishi mumkin edi.
1-sonli uyda yashovchi Margarita Agadjanova taklif etilgan loyihani nomaqbul deb hisoblaydi. Uning fikricha, hovlining qoq markazida, birinchi qavatdagi xonadonlar derazalari yonida barbekyu zonasi tashkil etilishi tutun va shovqin tufayli aholiga albatta noqulaylik tug‘diradi.
5-iyun kuni tuman hokimi o‘rinbosari ishtirokida o‘tkazilgan yig‘ilishda dalolatnoma imzolandi. Unga ko‘ra, hokimlik aholi fikrini majburiy tarzda inobatga olgan holda loyihani qayta ko‘rib chiqish majburiyatini oldi. Shu yig‘ilishda aholiga taklif etilgan loyihani qo‘llab-quvvatlagan mulkdorlar ro‘yxati mavjudligi ham ma’lum qilingan. Biroq tashabbuskor guruh va uning qo‘shnilari bu hujjatni ko‘rmaganini aytmoqda.
Aholining noroziligidan so‘ng qurilish ishlari to‘xtatildi, qazib olingan jihozlar esa o‘sha joyning o‘zida qoldirildi. Bolalar esa hamon ularning yonida o‘ynashda davom etmoqda.
23-iyun kuni hovlida ishlar qayta boshlandi. Class Group Builder pudratchi tashkilotida ishlar rahbari Bahodir Meliyev Gazeta’ga dastlabki loyihaga o‘zgartirishlar kiritilganini ma’lum qildi.
“Bu mahalla 2024-yil noyabr oyida „Obod mahalla“ dasturiga kiritilgan. Bunga qadar biz boshqa uylar hovlilarida ishlaganmiz va yaqinda 1-sonli uy hovlisi loyihasini ishlab chiqqan edik. Aholiga u ma’qul kelmadi, ular loyihani o‘zgartirishni talab qildi. Iyun oyi boshida bu yerga shaxsan qurilish masalalari bo‘yicha hokim o‘rinbosari [Nig‘mat Po‘latov] kelib, aholining fikrini tingladi. Natijada barcha narsa o‘z o‘rnida qoladigan bo‘ldi”, — dedi Meliyev.
Yangilangan loyihaga ko‘ra, futbol maydonini kengaytirishga qaror qilingan. Hovli markazidagi tepalik saqlab qolinadi — uning ostiga rezina qoplama yotqiziladi, singan taxtalar va tom qismi almashtiriladi. Maydonchada yangi o‘yin jihozlari va jismoniy mashqlar uchun trenajyorlar o‘rnatiladi.
Biroq obodonlashtirish loyihasining muammosi saqlanib qolmoqda — hatto yangilangan ko‘rinishda ham u amaldagi holatga mos kelmaydi. Render hovlining na o‘lchamlarini, na mavjud ko‘kalamzorlarni hisobga olgan, u shunchaki chiroyli tasvirdan iborat.
Gazeta 2021-yilda Toshkentda mahallalarni obodonlashtirish ishlarining keng ko‘lamda boshlangani haqida yozgan edi. O‘shanda ishchilar uylar oldidagi panjaralarni buzgan, aholi ekib parvarishlagan o‘simliklarni sug‘urib tashlagan, bolalar maydonchalarini betonlashtirgan hamda deyarli hamma joyda qizil-oq rangli bordyurlar o‘rnatgan.
Mashhur rossiyalik urbanist Arkadiy Gershman o‘shanda intervyu berib, hovlilarni obodonlashtirish bo‘yicha qarorlarni hokimlik emas, balki aholining o‘zi qabul qilishi kerakligini tushuntirgan.
Tahririyat Turon mahallasidagi hovlida obodonlashtirish ishlarining borishini kuzatishda davom etadi.
Source: www.gazeta.uz