Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Farg‘ona viloyati Toshloq tumanidagi Arabmozor qishlog‘ida yashovchi Gulbahor Ortikova yoshligidan g‘ishtchilik bilan shug‘ullanib, shu hunar bilan oilasini boqib kelmoqda. «Oilada uch qizmiz, men kattasi, ota-onam uchun o‘g‘ilman. Bahordan kuzgacha g‘isht teraman, topgan pulimga qishga oziq-ovqat g‘amlayman. Bir kunda 1200 dona g‘isht yasay olaman», — deydi u.

Gulbahor Ortikova g‘isht yasashni 7-sinfda boshlagan. «36 yoshdaman. Yoshligimdan g‘ishtchilik bilan shug‘ullanaman. 7-sinfda otamga to‘rt o‘rinli qolipda yordam berardim. O‘shanda kuniga 200-300 dona g‘isht terardim. Otam loy tayyorlardi. Hozir loyga qarab kuniga 1000-1200 dona g‘isht teraman. 1200 donani yig‘magunimcha dam olmayman.

Tushgacha 600-700 dona, tushdan keyin 400-500 dona g‘isht. Uyda yig‘ilib qolganda, xaridorlarga qo‘ng‘iroq qilaman — ular darhol kelib, yuklab olib ketishadi. Hozir bir dona g‘ishtni 400 so‘mdan sotaman.

Aslida menga og‘ir ish qilish mumkin emas — churram bor. Ammo zarurat tufayli, ota-onam va oilam uchun ishlayman. Ota-onam kasal. Onam ko‘rmaydi. Men ularga qarayman. Mening boyligim — ular.

Bahordan sovuqqacha tinmay g‘isht teraman. Oilamiz katta: opamning eri vafot etgan va u bolalari bilan ota uyiga qaytgan. Qish davomida yig‘ilgan pulga 10 idish yog‘, 10-15 qop un, ko‘mir, kartoshka va piyoz sotib olaman.

Bir KamAZ tuproqni 400-500 ming so‘mga sotib olaman. Undan 5000 donagacha g‘isht chiqadi.

Ko‘pchilik: bu erkaklar ishi, og‘ir, deyishadi. Lekin men ishim bilan faxrlanaman. Chunki shu hunar bilan ota-onam va bolalarimni boqaman», — deydi usta.

Source: kun.uz