Toshkent shahri Mirzo Ulug‘bek tumanida 1-iyul kuni soat 18:00 atrofida sodir bo‘lgan fojiali hodisada 6 yoshli bola Tracker avtomashinasi tomonidan urilib, voqea joyida vafot etdi. Bu haqda Milliy telekanalining Millar dasturida xabar berildi.
Hodisa Cho‘ldaraxt ko‘chasida yuz bergan. Videotasvirlarda ko‘chada to‘xtab turgan Cobalt orqasidan yo‘lga chiqqan bola mashinani ko‘rib, qochishga harakat qilgan, biroq haydovchi harakatni davom ettirib, bolani urib yuborgan. Mashinaning oldi va orqa g‘ildiraklari bilan uni bosib o‘tgan.
Marhum bolaning otasi haydovchini ayblab, uning yo‘lga qaramagani va boshqa narsaga chalg‘igan bo‘lishi mumkinligini aytdi. “Rulda ayol kishi bo‘lgan. Qaramagan. Bola oldiga chiqyapti, to‘rt qadam yurib qochyapti. Men o‘zim ham haydovchiman. Agar rulga qarab o‘tirgan odam tormozni bosadi yoki rulni o‘ng tomonga olib qochadi. U bolani qochishiga qaramasdan, ustidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri urib, bosib ketyapti. Ikkita g‘ildiragi bilan ham bosib o‘tyapti”, dedi u.
Olingan jarohatlar oqibatida 6 yoshli bola voqea joyida halok bo‘lgan. Bola shifoxonaga olib borilganida hamshiralar uning vafot etganini tasdiqlagan.
Mahalliy aholi ushbu hududda bolalar o‘yin maydonchasi yo‘qligi sababli bolalar doimiy ravishda ko‘chada o‘ynashga majbur bo‘layotganini ta’kidladi. “Bolalar har doim shu ko‘chada o‘ynab yurishadi. O‘yingoh umuman yo‘q. Yaqin orada o‘yingoh yo‘q”, dedi mahalla fuqarolaridan biri.
Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi axborot xizmati rahbari Nilufar Madiyeyovaning ma’lum qilishicha, mazkur holat yuzasidan Tergov boshqarmasi tomonidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi 2-qismi (Transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish, odam o‘lishiga sabab bo‘lishi) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Source: www.gazeta.uz