Olti karra “Filmfare” mukofoti sovrindori, hind kinosining afsonaviy aktrisasi Kajol Devgan 1974-yil 5-avgustda Hindistonning Bombey (hozirgi Mumbay) shahrida tug‘ilgan. U bugun, 2024-yil 5-avgustda o‘zining 50 yoshini nishonlamoqda.
Aktrisaning kino olamidagi ilk qadami 1992-yilda “Haqiqiy sevgi” (“Bekhudi”) filmi bilan boshlangan. Biroq unga haqiqiy shuhratni 1993-yilda suratga olingan “Firibgar” (“Baazigar”) filmi olib kelgan. Bu filmda u Salmon Xon bilan birga rol ijro etgan.
1994-yilda “Qalbim o‘g‘risi” (“Yeh Dillagi”) filmida suratga tushgan Kajol, 1995-yilda premerasi bo‘lgan “O‘g‘irlanmagan kelin” filmidan so‘ng butun Hindistonda mashhur bo‘lgan. Ushbu filmda u Shahrukh Xon bilan ekran juftligini yaratgan va bu juftlik keyinchalik Bollivud tarixidagi eng muvaffaqiyatli juftliklardan biriga aylangan.
1997–1998-yillarda aktrisa “Karan va Arjun” (“Karan Arjun”), “Ishq”, “Sevib qolishdan qo‘rqmang” (“Pyaar Kiya To Darna Kya”), “Dushman” va “Hayotda hamma narsa bo‘ladi” (“Kuch Kuch Hota Hai”) kabi filmlarda suratga tushib, o‘zining ijodiy salohiyatini namoyon etgan. Ayniqsa, “Kuch Kuch Hota Hai” filmi unga katta e’tirof keltirgan.
2001-yilda “Goho shodlik, goho g‘am” (“Kabhi Khushi Kabhie Gham”), 2006-yili “Jonim fido” (“Fanaa”), 2010-yilda “Mening ismim Xon” (“My Name is Khan”) va 2015-yilda “Sevishganlar” (“Dilwale”) kabi filmlarda rollar ijro etgan. Ushbu filmlar uning nafaqat Hindistonda, balki butun dunyoda tanilishiga sabab bo‘lgan.
Kajol Devgan nafaqat aktrisa, balki xayriya ishlari bilan ham shug‘ullanadi. U UNICEFning Hindistondagi elchisi sifatida bolalar huquqlarini himoya qilishda faol ishtirok etadi.
Mazkur sana munosabati bilan Gazeta nashri Bollivud yulduzi ishtirokidagi filmlar asosida maxsus test tayyorladi. O‘quvchilar ushbu test orqali aktrisa ijodiga oid bilimlarini sinab ko‘rishlari mumkin.
Source: www.gazeta.uz