Ispaniyalik paleontologlar Shimoliy Amerikadan tashqarida birinchi marta Diplodocus dinozavrining qoldiqlarini topdilar. Bu haqda Journal of Vertebrate Paleontology jurnalida chop etilgan maqolada aytiladi. Topilma Ispaniyaning sharqidagi Teruel viloyatidagi La Tejeria qazilma joyida aniqlangan.
Tadqiqotchilar 150 million yil avvalgi 14 ta dum umurtqasi va bir nechta chevron suyaklarini topdilar. Bu topilma Yevropada topilgan eng to'liq diplodotsid skeletlaridan biri hisoblanadi. Dinopolis jamg'armasi olimlari bu dinozavr mintaqada topilgan yirik sauropodlar ro'yxatiga qo'shilishini ta'kidladilar.
Diplodocus uzoq bo'yinli va katta dumli o'txo'r dinozavr bo'lib, dunyodagi eng taniqli dinozavrlardan biridir. Ammo uning qoldiqlari shu paytgacha faqat Shimoliy Amerikada topilgan edi. Yangi topilma Shimoliy Amerika va Yevropa o'rtasida qit'a faunalari almashinuvi bo'lganligini tasdiqlovchi eng kuchli dalillardan biridir.
Tadqiqotchilar ta'kidlashicha, Yevropada diplodotsid qoldiqlari juda kam va parchalangan. Dinozavrlar davrida qit'alar endigina ajrala boshlagan edi. So'nggi o'n yilliklarda olimlar proto-Atlantika okeanida vaqtinchalik quruqlik ko'priklari yoki dengiz regressiyalari bo'lgan degan nazariyani ilgari surmoqdalar. Ispaniya va Portugaliyada topilgan qoldiqlar bu fikrni mustahkamlaydi.
Ushbu topilma 150 million yil avvalgi kech Kimmeridjian - erta Titon davrida qit'alar o'rtasida faunalar almashinuvi bo'lganligini ko'rsatadi. Boshqa yo'llar Shimoliy Amerikani Skandinaviya bilan, yana bir yo'l esa Braziliyani Kamerun bilan bog'lagan.
Source: www.dw.com