"Stixiya" elektron musiqa, fan va san’at festivali AQShning Nevada shtatidagi Blek Rok cho‘lida o‘tkaziladigan dunyoga mashhur Burning Man festivalida The Last Shore ("So‘nggi qirg‘oq") installyatsiyasini taqdim etdi. Bu yilgi festival 31-avgustdan 7-sentabrgacha bo‘lib o‘tdi va dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, turli mamlakatlardan 80 mingga yaqin ishtirokchini jamladi.
San’at dasturida Markaziy Osiyo nomidan saralashdan o‘tgan O‘zbekiston va Qozog‘iston loyihalari ishtirok etdi. The Last Shore installyatsiyasi "Stixiya" festivali tomonidan mustaqil art-loyiha sifatida yaratildi va moliyalashtirildi. "Stixiya" asoschisi Otabek Sulaymonov Burning Man festivalida qatnashib, jamoa bilan birgalikda uni festival vaqtida quriladigan Blek Rok (Black Rock City) shaharchasiga o‘rnatdi.
Art-obyekt Orol dengizining qurishiga va "Stixiya" festivali an’anaviy tarzda o‘tkaziladigan sobiq port shahar — Mo‘ynoqqa bag‘ishlangan. Installyatsiya ishlov berilmagan temirdan yasalgan metall portal bo‘lib, uning yuzasi Orolning sobiq tubidagi zanglagan kemalarni yodga soladi. Portaldan o‘tish chog‘ida ovozli kompozitsiya yangraydi va tashrif buyuruvchilar dengiz, chag‘alaylar shovqini, kemalar va qoraqalpoq tilida gaplashayotgan bolalar ovozlarini eshitadi.
Burning Man yakunlangach, installyatsiya Nevadadan Los Anjelesga ko‘chirildi va shahardagi bog‘lardan biriga o‘rnatildi. Burning Man jamoasi, shuningdek, The Last Shore loyihasiga bag‘ishlangan podkastning alohida sonini yozib oldi. U 2026-yil oxirigacha chiqarilishi kutilmoqda.
Source: www.gazeta.uz