17–19-sentabr kunlari Qoraqalpog‘istonning Borsakelmas sho‘rxokida ikkinchi bor "Yonar" art lageri bo‘lib o‘tdi. Bu tadbir AQShning Nevada shtatidagi Blek Rok sahrosida o‘tkaziladigan mashhur Burning Man xalqaro festivaliga konseptual jihatdan o‘xshash bo‘lib, Turizm qo‘mitasi ko‘magida "Stixiya" elektron musiqa, san’at va fan festivali jamoasi tomonidan tashkil etildi.
Bu yilgi "Yonar" festivalining mavzusi tushlar, syurrealizm hamda reallik va xayol o‘rtasidagi narsalar bo‘ldi. Tashkilotchilarning so‘zlariga ko‘ra, Borsakelmasning o‘zi "deyarli cheksiz oq kengligi va ufqi" bilan badiiy ifodalar va uch kun davomida art loyiha ishtirokchilari yashagan hamda o‘zlari uchun o‘zlari qurgan vaqtinchalik ijodiy makon — "Oq tuz shahri" (White Salt City)ni barpo etish uchun ideal joyga aylandi.
Ikkinchi "Yonar" O‘zbekiston, Qoraqalpog‘iston, Qozog‘iston, Rossiya, Turkiya, Avstriya, Germaniya, Niderlandiya, Buyuk Britaniya va Portugaliyadan 70 nafar ishtirokchini qabul qildi. Ular orasida rassomlar, musiqachilar, arxitektorlar, dizaynerlar, tadqiqotchilar, IT mutaxassislar va tadbirkorlar bor edi. Art makon hayoti o‘zaro yordam va har bir ishtirokchining umumiy maydonga qo‘shgan hissasi atrofida qurildi. Bu art obyektlarni yaratish va o‘rnatish, ovqat tayyorlash, musiqiy sessiyalar yoki boshqa tadbirlarni o‘tkazish bo‘ladimi, barchasi birgalikda amalga oshirildi. Qolaversa, safar ishtirokchilari varrak uchirdi, astronomiya klubi bilan birgalikda tungi osmonni kuzatdi va turli performanslar uyushtirdi.
Borsakelmasda Rustam Zohidov, Ruslan Yuldashev, Anatoliy Babaxanyan, Ravshan Babadjanov, Said Isayev, Nikita Klochkov, Otabek Suleymanov va Derya Odjal (Turkiya) tomonidan yaratilgan art obyektlar o‘rnatildi. Bular — "Molekula", "Android", "Ko‘zguli kub", "Qizil parallelepiped", "NLO", "Chayon" va "Mars" installyatsiyalari. Ikkita art obyektning ramziy ravishda yoqib yuborilishi tadbirning yakuniy qismi bo‘ldi.
"Yonar"ning ajralib turadigan xususiyati — hududda tijorat savdosi va brendlarning yo‘qligi hamda leave no trace (iz qoldirmaslik) tamoyiliga amal qilinishidir: odamlar ketganidan keyin tuz koni ishtirokchilar kelishidan oldin qanday bo‘lsa, shundayligicha qolishi kerak. Loyihaning yakuniy hisobotida hudud vaqtinchalik infrastruktura va maishiy chiqindilardan to‘liq tozalangani qayd etildi. White Salt City xuddi hech qachon bo‘lmagandek g‘oyib bo‘ldi. "Yonar" jamoasi keyingi yil ham Borsakelmasga qaytishni va’da qilmoqda.
Source: www.gazeta.uz