Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

26-sentabr kuni Toshkentdagi Koreys madaniyati va san’ati saroyida koreys milliy bayrami — Chusok keng nishonlandi. Tadbir O‘zbekiston koreys madaniy markazlari assotsiatsiyasi tomonidan tashkil etildi. Chusok hosil, oila va keksalarga ehtirom ramzi bo‘lib, koreys xalqi uchun eng muhim bayramlardan biri hisoblanadi.

O‘tgan o‘ttiz yil ichida mazkur bayram shahar miqyosidagi yirik tadbirga aylandi. Koreya Respublikasining 1997−2000-yillardagi O‘zbekistondagi elchisi Che Yong Xa avvallari Chusok ancha kamtarona — “Koreyslar uyi”da tor davrada nishonlanganini eslab o‘tdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bugungi kunda bu bayram nafaqat koreys diasporasi, balki butun Toshkent aholisi uchun muhim madaniy voqeaga aylangan.

“Bu kabi tadbirlar koreys jamoamizning yanada jipslashishiga, o‘zligi va birdamligini mustahkamlashga xizmat qilishiga ishonaman. Koreyaning o‘zida Chusok odatda uyda, oila davrasida nishonlanadi, u yerda bunday ommaviy bayramlar o‘tkazilmaydi. Ammo bu yerda, mintaqa mamlakatlarida koryo-saramlarimiz birdamlikni saqlash va madaniyatni avloddan avlodga yetkazish uchun bir yerga to‘planishayotganiga guvoh bo‘lyapman”, — dedi u.

Bayram mehmonlari bir qator milliy xalq o‘yinlarida o‘zlarini sinab ko‘rish imkoniga ega bo‘ldi. Nabirasining konginori o‘ynashini tomosha qilgan ayollardan biri o‘z bolaligida hozirgidek maxsus fishkalar bo‘lmagani, tengdoshlari bilan xuddi o‘zbek milliy beshtoshi kabi oddiy mayda toshlar bilan o‘ynashganini ta’kidladi. Ko‘ngillilar dalgona — shakarli qattiq shirinlik tayyorlayotgan stol atrofida uzun navbat hosil bo‘ldi. Mehmonlarga nafaqat mazkur shirinlik ulashildi, balki qolip yordamida undan shakl kesib olish ham o‘rgatildi. Ko‘ngillilarning so‘zlariga ko‘ra, buni uy sharoitida ham osongina takrorlash mumkin. Yondagi mahorat darsida esa ishtirokchilarga kimbap o‘rash sirlari o‘rgatildi.

Fudkortda mahalliy oshxonalar hozirda Koreyaning o‘zida ommalashgan ko‘cha taomlarini taqdim etdi: pun’oppan, pishloqli medalonlar, korndoglar, ttokpokki, ramyon va trenddagi desertlar shular sirasidan. Shiyponli ko‘lmak bo‘yida esa milliy libos — hanbokni ijaraga olib, suv manzarasida suratga tushish imkoniyati yaratildi. Yaqin atrofdagi yarmarkada esa koreys sneklari va kosmetik vositalari sotildi.

Source: www.gazeta.uz