Qadimgi Misrning birinchi sulolasi davrida hukmdorlar dafn etilganda, ularning saroy a’yonlari, hunarmandlari va xizmatkorlari qasddan o‘ldirilib, qurbonlik qilingan bo‘lishi mumkin. AQShdagi Perdyu universiteti tadqiqotchisi Rozalin Kempbell boshchiligidagi yangi ilmiy izlanish qadimiy kalla suyaklaridagi shafqatsiz jarohatlarni aniqlab, Misr tarixidagi yuz yillik bahslarga jiddiy dalil keltirdi.
Abydos yaqinidagi Umm al-Qaob qirollik qabristoni miloddan avvalgi 3000-yillarga borib taqaladi. Bu yerda birinchi sulola fir’avnlari maqbaralari atrofida yuzlab kichik qabrlar joylashgan bo‘lib, ularda xizmatkorlar, muhrdorlar, nazoratchilar va hunarmandlar dafn etilgan. Dastlab 1920-yillarda ingliz arxeologi Flinders Pitri bu qabrlarni qazib chiqarganida insonlar qurbon qilinganini taxmin qilgan edi, biroq suyaklarda yaqqol zo‘ravonlik alomatlari topilmagani sababli marhumlar tiriklayin ko‘milgan yoki tabiiy o‘limdan so‘ng ko‘chirilgan degan qarashlar ustunlik qilib kelayotgan edi.
Kembrij universitetida saqlanayotgan 46 nafar xizmatkorning kalla suyaklarini sinchiklab tahlil qilgan doktor Kempbell ularning 18 tasida o‘lim oldidan yetkazilgan jiddiy sinishlar va jarohatlarni aniqladi. Xususan, bir holatda ko‘z sohasiga o‘tkir jism bilan chopib zarba berilgani ma’lum bo‘ldi. Olimaning fikricha, bunday shikastlanishlar tantanali gurzilar bilan emas, balki yog‘och yoki hayvon shoxidan yasalgan keng va tekis qurollar orqali yetkazilgan bo‘lishi ehtimoli yuqori.
Qohiradagi Amerika universiteti professori Salima Ikrom va boshqa yetakchi mutaxassislarning ta’kidlashicha, xizmatkorlarni qurbon qilish marosimi uzoq davom etmagan va Ikkinchi sulola davriga kelib odamlar o‘rniga maxsus haykalchalar (ushabti) qo‘yila boshlangan. Ushbu qonli marosimlar paytida hamma ham xudojo‘y bo‘lib o‘limga rozi bo‘lmagani, saroy ahli orasida kuchli qo‘rquv va qarshiliklar bo‘lgan bo‘lishi mumkinligi qayd etilmoqda.
Source: www.theguardian.com