Har bir insonning tanasi va ruhi boʻlganidek, qonunlarning ham oʻz jismi va joni mavjudligi haqida mutafikrlar uch asr avval bosh qotirishgan. Qogʻozda adolatli tuyulgan har qanday qoida amalda kimnidir himoya qilishi, boshqasini esa himoyasiz qoldirishi mumkinligi jamiyatda doim muhokama qilib kelinadi.
Siyosatshunos Hamid Sodiq tomonidan oʻzbek tiliga tarjima qilingan Sharl Lui Monteskening «Qonunlar ruhi» asri ana shunday dolzarb masalalarga bagʻishlangan. Mazkur kitobda odatdagi qahramonlar yoki keskin syujet burilishlari yoʻq, aksincha, asosiy eʼtibor hokimiyat va erkinlik oʻrtasidagi abadiy ziddiyatga qaratilgan.
Muallifning fikricha, agar hokimiyat qoʻlidagi vakolat cheksiz boʻlsa, uni suiisteʼmol qilish ehtimoli ham keskin ortadi. Shuning uchun hamjamiyat erkinligi faqatgina rahbarning yaxshi inson ekaniga tayanib qolmasligi, balki hokimiyatni jilovlaydigan va uning oʻzboshimchaligini cheklaydigan samarali tizim ishlashi lozim.
Monteske qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi va sud hokimiyatlari bir qoʻlda jamlanadigan boʻlsa, chinakam muammolar boshlanishidan ogohlantiradi. Bunday sharoitda erkinlik xavf ostida qoladi, chunki hokimiyat oʻzini oʻzi nazorat qilish imkoniyatidan mahrum boʻladi.
Shu bilan birga, asarda faqat rahbarlar tanqid qilinmaydi, balki turli mamlakatlarda qonunlar nima uchun turlicha ekanligi ham tahlil etiladi. Mutafakkirning taʼkidlashicha, qonunlar tarix, urf-odatlar, iqtisodiyot va din kabi omillar bilan chambarchas bogʻliq boʻlib, ularni jamiyatdan ajratib oʻrganib boʻlmaydi.
Source: kun.uz