AQShning Pensilvaniya shtatida yashovchi afgʻon oʻzbeklari oʻzlarining yillik anʼanasiga sodiq qolgan holda oʻzbek tili bayramini keng nishonladilar. Mazkur tadbirda faollar, olimlar, madaniyat namoyandalari, sanʼatkorlar hamda Amerikadagi afgʻon jamoatchiligi vakillari ishtirok etishdi.
Filadelfiya shahrida istiqomat qiluvchi afgʻonistonlik oʻzbeklarning aksariyati ilgari Oʻzbekistonda boʻlmaganiga qaramay, oʻzlarining milliy oʻzligini va urf-odatlarini faol saqlab kelishmoqda. Ular turli milliy bayramlarni, xususan, ona tili bayramini muntazam ravishda uyushtirib kelishlari taʼkidlandi.
Tadbir doirasida Indiana universitetining professori Nazif Shahroniy Afgʻoniston turklari, jumladan oʻzbek va turkman xalqlarining tarixi yuzasidan maʼruza qildi. U oʻzbek tilini asrab-avaylash hamda uning tarixiy-madaniy oʻzlikni saqlashdagi oʻrni haqida oʻz fikrlarini bildirib oʻtdi.
Shuningdek, sanʼatkorlar Farhod Daryo, Xayr Muhammad Chovush va Said Kabir Kamol oʻzbekcha qoʻshiqlar kuylab, tadbirkorlarga bayramona kayfiyat ulashishdi. Dastur davomida milliy taomlar tortiq qilinib, anʼanaviy kiyimlar koʻrgazmasi tashkil etildi va ishtirokchilar ona tilida samimiy muloqot qilishdi.
Source: kun.uz