Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Duduqlanish inson nutqining ravonligi buzilishi bilan tavsiflanib, bunda ayrim tovush yoki boʻgʻinlarni takrorlash, ularni choʻzish yoxud soʻzni boshlashda jiddiy qiyinchiliklar yuzaga kelishi mumkin. Ushbu holat nafaqat kattalarda, balki bolalar orasida ham keng tarqalgan muammolardan biri hisoblanadi. Mutaxassislarning taʼkidlashicha, mazkur holat koʻpincha turli yosh davrlarida namoyon boʻlib, uning kelib chiqishiga taʼsir qiluvchi bir qancha fiziologik va ruhiy sabablar mavjud.

Bolalar va kattalar psixologi, neyropsixolog Dono Qulunchakovaning maʼlumotlariga koʻra, logoped va psixologlarga duduqlanish muammosi bilan murojaat qiluvchilar orasida ikki yoshdan olti yoshgacha boʻlgan bolalar salmoqli qismni tashkil qiladi. Ikki yoshda bolaning nutqi endigina shakllanish bosqichida boʻlsa, besh-olti yoshda bogʻchadagi muhitning oʻzgarishi, yangi guruhga moslashish va maktabga tayyorgarlik kabi jarayonlar boshlanadi. Ayrim bolalar bu kabi oʻzgarishlarni kuchli hayajon va qoʻrquv bilan boshdan kechiradilar.

Shuningdek, mutaxassis oiladagi nosogʻlom muhit va ota-onalar oʻrtasidagi kelishmovchiliklar bolaning ruhiyatiga jiddiy putur yetkazishini qayd etadi. Oiladagi doimiy janjallar, mojarolar va bolaga nisbatan koʻrsatiladigan bosim uning nutqida nuqsonlar paydo boʻlishiga turtki boʻladi. Yosh ota-onalarning tarbiya borasidagi tajribasizligi oqibatida bolalar doimiy qoʻrquv ostida yashashga majbur boʻlmoqdalar.

Bundan tashqari, bugungi kunda dolzarb muammoga aylangan gadjetlardan meʼyordan ortiq foydalanish masalasiga ham alohida eʼtibor qaratildi. Ayrim oilalarda bolalar kunning katta qismini ekran qarshisida oʻtkazib, kattalar bilan jonli muloqotdan mahrum boʻlmoqdalar. Oqibatda toʻrt-besh yoshga kirgan boʻlsa-da, nutqi toʻliq shakllanmagan bolalar soni ortib borayotgani taʼkidlanadi.

Source: kun.uz