Dunyo bo'ylab dengiz qirg'oqlarini himoya qiluvchi, minglab turdagi jonivorlarga boshpana beruvchi va karbonat angidrid gazini yutuvchi muhim dengiz o'tlari ekotizimi jiddiy xavf ostida qolmoqda. Mutaxassislarning hisob-kitoblariga ko'ra, XIX asr oxiridan buyon ushbu qimmatbaho ekotizimning taxminan 30 foizi yo'q bo'lib ketgan. Germaniyaning Boltiq dengizi qirg'oqlarida esa bu ko'rsatkich yanada yuqori bo'lib, mutaxassislar hududdagi o'tloqlarning qariyb 60 foizi yaroqsiz holatga kelganini taxmin qilmoqdalar.
Shunga qaramay, so'nggi paytlarda ekologik tashkilotlar va tadqiqotchilar ushbu muammoni bartaraf etish yo'lida faol harakatlarni boshlab yuborishdi. Xususan, Germaniyaning Dahme shahri yaqinidagi sovuq suvlarda bir guruh g'avvoslar va tabiat muhofazasi faollari ildizlarga ziyon yetkazmagan holda sog'lom o'tlarni ehtiyotkorlik bilan yig'ib olishmoqda. Ushbu ko'chatlar dengiz tubidagi sharoiti mos keluvchi maxsus hududlarga qaytadan ekilmoqda, chunki yosh o'simliklar qumli cho'kindilar, to'lqinlardan himoya va yetarli darajada yorug'likka muhtoj.
Mutaxassislarning ta'kidlashicha, dengiz o'tlari uglerodni o'rmonlarga nisbatan 30-50 baravar tezroq saqlash xususiyatiga ega. Biroq Yevropa mintaqasidagi qattiq ekologik qoidalar va sanoat faoliyati, jumladan, offshor shamol stansiyalarini qurish ishlari ushbu ekotizimga jiddiy zarar yetkazmoqda. Germaniyadagi GEOMAR markazi va ZosteraTec startipi kabi tashkilotlar dengiz tubini tiklash ishlarini yengillashtirish uchun yangi texnologiyalar, jumladan, qirg'oqda o'tlarni ko'paytirish va urug'lar orqali ekish usullarini sinovdan o'tkazmoqdalar.
O'tkazilgan kuzatishlar va monitoring natijalariga ko'ra, 2021-yilda ekilgan birinchi sun'iy dengiz o'tloqlari ijobiy natija ko'rsatib, zichligi bo'yicha tabiiy maydonlarga yaqinlashib qolgani qayd etilgan. Shunga qaramay, mutaxassislar iqlim o'zgarishining salbiy oqibatlari va inson omili tufayli yuzaga kelayotgan ekologik tahdidlar uzoq muddatli barqarorlikka qanchalik ta'sir qilishini to'liq bashorat qilib bo'lmasligini tan olishmoqda.
Source: www.dw.com