AQShning Ogayo shtatidagi Sinsinnati hayvonot bog‘i to‘qqiz yoshli urg‘ochi begemot Fiona o‘lganini e’lon qildi. Ijtimoiy tarmoqlarda minglab muxlislarga ega bo‘lgan hayvon bir haftadan ko‘proq vaqt oldin tashrif buyuruvchilardan birining volerga tasodifan tushib ketgan to‘qima shapkani yutib yuborgani ortidan o‘zini yomon his qila boshlagan va veterinariya mutaxassislarining ko‘p sonli urinishlariga qaramay saqlab qolib bo‘lmagan.
Asosiy faktlar: Fiona 2017-yil fevralida muddatidan oldin, atigi 13 kilogramm atrofida tug‘ilib, hayvonot bog‘i jamoasi tomonidan parvarishlangan; u 2027-yil boshida 10 yoshga to‘lishi kutilgan edi. Hayvonot bog‘i xodimlari shapkani ovqat hazm qilish traktidan o‘tkazishga urinib, vibroplatforma, UTT va kolonoskopiya kabi usullarni qo‘llagan, ammo operatsiya imkonsiz deb topilgan.
Fiona hayoti boshidanoq noyob hikoya bilan ajralib turardi. Begemot bolalari odatda tug‘ilganda taxminan 45 kilogramm tosh bosadi, ammo u rekord darajadagi past vazn bilan dunyoga kelgan. Bir necha oy davomida maxsus volerda tunu kun kuzatuv ostida saqlangan va “Fiona jamoasi” deb nomlangan xodimlar guruhi uni parvarishlab, yurish va suzishga o‘rgatgan, uning yutuqlari haqida blog yuritgan. Hayvonot bog‘i aksiya boshlab, uning surati tushirilgan esdalik sovg‘alarini sotgan va tushgan mablag‘ni parvarishga sarflagan; tez orada “Fiona jamoasi” nomi brendga aylangan.
Veterinariya xodimlari shapkani organizmning aynan qayerida turganini aniqlash nihoyatda qiyin bo‘lganini, operatsiya esa imkonsiz ekanini tushuntirgan. Begemotlarni narkoz holatiga tushirish qiyinligi va ularning ko‘p kamerali oshqozonga ega ovqat hazm qilish tizimining o‘ziga xos tuzilishi bunga to‘sqinlik qilgan. Hayvonot bog‘i ma’muriyati shapka organizmdan chiqarib olishga qaratilgan ko‘plab urinishlarga qaramay buning uddasidan chiqib bo‘lmaganini bildirgan.
Sinsinnati hayvonot bog‘i direktori Deyv Jenike “Hozir biz karaxt ahvoldamiz. Bunday yakunni kutmagandik. U kuchi qolguncha kurashdi”, degan. Fiona butun dunyodan tashrif buyuruvchilarni jalb qilib kelgan va ijtimoiy tarmoqlarda #TeamFiona heshtegi ostida minglab odamlar uning hayotini kuzatgan. Hayvonot bog‘i uchun bu yo‘qotish nafaqat mashhur hayvonning ketishi, balki yillar davomida shakllangan muxlislar jamoasi uchun ham og‘ir sinov bo‘ladi.
Source: www.gazeta.uz