Toshkent shahri Yakkasaroy tumanida voyaga yetmagan ikki bola mahalla ko‘chasida 130 km/soat tezlikda avtomobil boshqargani, bu esa hovlida o‘ynayotgan bolalar va keksalar uchun jiddiy xavf tug‘dirgani haqida Ichki ishlar vazirligi (IIV) Jamoat xavfsizligi departamenti xabar berdi. Tarmoqlarda tarqalgan videoda bolalar yuqori tezlikda haydab yurgani, ularning otasi Nozim Azizov esa bunga qarshilik ko‘rsatmoqchi bo‘lgan qo‘shnilar bilan janjallashgani ko‘rsatilgan.
7-mart kuni kechqurun qo‘shni fuqaro holatni muhokama qilish va bolalarga tanbeh berishni so‘rash maqsadida Azizovning uyiga kelgan. Biroq ota farzandlarini himoya qilib, qo‘shni ayolni haqorat qilgan va baland ovozda baqirgan, mahalla tinchligini buzgan. Guvohlar 102 raqamiga murojaat qilgan, ichki ishlar xodimlari voqea joyiga kelib, tomonlarni bo‘limga olib ketgan va surishtiruv olib borgan.
8-mart kunidagi sud qaroriga ko‘ra, 1981-yilda tug‘ilgan Nozim Azizovga Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 183-moddasi (Mayda bezorilik) bilan 5 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlandi. Azizov bolalari 2025-yil noyabr yoki dekabr oylarida ruxsatsiz kalitni olib, mashinani haydaganini aytdi va 2026-yil 8-martgacha ularga kalit bermasligiga va’da berdi. Voyaga yetmaganlar boshqargan transport vositasi jarima maydoniga joylashtirildi.
IIVning ta’kidlashicha, bunday holatlar o‘smirlarda “bizga hamma narsa mumkin” degan signalga aylanadi, ota-onalarning qonunbuzarlikka ko‘z yumishi yoki himoya qilishi jazosizlik hissini shakllantiradi. Vazirlik so‘nggi vaqtlarda O‘zbekistonda voyaga yetmaganlarning mashina boshqarishi va qo‘pol qoidabuzarliklari ko‘payganini, ayrim ota-onalarning befarq munosabati esa muammoni kuchaytirishini qayd etdi.
Oldingi holatlarga misol qilib, Chilonzor tumanida voyaga yetmagan bola otasining mashinasini boshqarib, yo‘l harakati xizmatidan qochgani va qarama-qarshi yo‘nalishda harakatlanib, boshqa mashinaga urilgani keltirildi. Bundan tashqari, Toshkentda o‘smir boshqargan BMW M4 avtomobili urib yuborishi oqibatida yo‘l-patrul xizmati inspektori halok bo‘lgani, 16 yoshli haydovchi gumon qilingani ham eslatildi. YHXX so‘nggi vaqtlarda yo‘l bezoriligiga oid 107 ta videomaterial aniqlagan, 62 ta mashina jarima maydoniga joylashtirilgan va 5919 ta avtomobilga qoidabuzarlik uchun chora ko‘rilgan.
Source: www.gazeta.uz