Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Qozog‘istonda yangi konstitutsiya loyihasi bo‘yicha o‘tkazilgan referendumdagi ovoz berish jarayoni yakunlandi. Eksitpollar (saylovdan keyingi so‘rovlar) ma’lumotlariga ko‘ra, ishtirokchilarning katta qismi asosiy qonunga kiritiladigan o‘zgartirishlarni qo‘llab-quvvatlagan. Deutsche Welle nashrining xabar berishicha, Yevroosiyo integratsiyasi instituti o‘tkazgan eksitpoll natijalariga ko‘ra, ovoz berganlarning 86,7 foizi yangi konstitutsiya tahririni ma’qullagan. Bu so‘rov mamlakatning 17 viloyati va uchta yirik shahridagi 200 ta saylov uchastkasida amalga oshirilib, taxminan 30 ming kishini qamrab olgan.

Shaxsiy “Kompleks ijtimoiy tadqiqotlar instituti – Ostona “Sosis-A”” jamg‘armasining eksitpolli o‘zgartirishlarni qo‘llab-quvvatlash darajasini 87,4 foiz deb qayd etgan. Shu bilan birga, Amanat partiyasining Ijtimoiy siyosat instituti ma’lumotlariga ko‘ra, so‘rovda ishtirok etganlarning 88,6 foizi tuzatishlarni ma’qullagan. Markaziy saylov komissiyasining dastlabki ma’lumotlariga ko‘ra, referendumda ishtirok etish darajasi 73,24 foizni tashkil etib, mamlakatning 9 126 850 fuqarosi ovoz bergan. Komissiya ilgari referendumni o‘tkazilgan deb hisoblash mumkinligini aytgan.

Eng yuqori ishtirok etish darajasi Qizilo‘rda viloyatida (93,04 foiz) qayd etilgan, eng past daraja esa Olmaota shahrida (33,43 foiz) bo‘lgan. Poytaxt Ostona shahrida bu ko‘rsatkich 60,36 foizni tashkil qilgan. Deutsche Welle ta’kidlashicha, yangi konstitutsiya loyihasi Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart Toqayev tashabbusi bilan ishlab chiqilgan. Hujjat, xususan, ikki palatali parlamentni tugatish va bir palatali qurultoy tashkil etishni nazarda tutadi.

Taklif etilayotgan o‘zgartishlarga ko‘ra, prezident shaxsan Bosh prokurorni, Konstitutsiyaviy va Oliy sud raislarini, Milliy bank rahbarini va Milliy xavfsizlik qo‘mitasi raisini tayinlay oladi. Bundan tashqari, prezident tomonidan bir palatali parlament roziligi bilan tayinlanadigan vitse-prezident lavozimini joriy etish rejalashtirilgan. Prezident, shuningdek, agar qurultoy uning taklif qilgan asosiy davlat lavozimlaridagi nomzodlarni ikki marta ma’qullamasa, uni tarqatib yuborish huquqiga ega bo‘ladi. Referendumning rasmiy natijalari Markaziy komissiya tomonidan ovoz berishdan keyingi ettikun ichida e’lon qilinishi kerak.

Source: kun.uz